Bolalar taomi

3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qanday mahsulotlar mumkin emas?

Biz foydali va mazali deb bilgan ayrim mahsulotlar, buni qarangki, bolalar organizmi uchun nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. Diyetologlar, ayniqsa, uch yoshgacha bo‘lgan bolalar taomnomasiga jiddiy e’tibor berishni tavsiya etishadi. Quyida 3 yoshgacha bo‘lgan bolakaylar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar bilan tanishtiramiz.

BALIQ ShO‘RVA

Go‘shti foydali bo‘lsa-da, kichik yoshdagi bolakay oshqozoni uchun og‘irlik qilishi mumkin. Chunki baliq go‘shtining bu tariqa tayyorlangani rivojlanayotgan oshqozonda oson hazm bo‘lmaydi. Yaxshisi, sabzavotli sho‘rvaga diqqat qiling.

KOLBASA (QAYNATILGANI)

Sutli va qaynatilgan kolbasa, sosiska mahsulotlari bir qarashda yengil hazm bo‘ladigandek ko‘rinadi. Aslida esa tarkibidagi yog‘, tuz va ozuqa qo‘shimchalari borligi sababli bu yoshdagi bolalar uchun tavsiya etilmaydi.

BALIQ UVILDIRIG‘I (IKRASI)

Sariyog‘ ustiga yupqa surtilgan baliq uvildirig‘i immunitetga foydali, deya ta’kidlanadi. Ammo bu yetti yoshdan oshgan bolalar uchun. 3 yoshgacha bo‘lganlarga esa yaxshisi berilmagani ma’qul.

SABZAVOTLI IKRA, TUZLAMALAR

Ba’zi bolalar kichikligidan tuzlamayu ikralarni yoqtirishadi. Bolaning ta’m ajratish qobiliyatini e’tiborga olish lozim. Ammo bu bilan oshqozoniga zarar qilib qo‘ymaslik kerak. Ayniqsa, qattiq qovurilgan sabzavotli ikra, tuzlamalar hozir bilinmasa ham, keyinchalik gastrit yoki oshqozon yarasini keltirib chiqarishi mumkin.

QO‘ZIQORIN

Maktab yoshiga to‘lmagan bolalarga qo‘ziqorinning bug‘da tayyorlangan, qaynatilgan umuman har qanday ko‘rinishdagisi tavsiya etilmaydi. Bu mahsulot oshqozonda uzoq vaqt hazm bo‘ladi. Shu bois bolalar taomnomasiga kiritilmagani ma’qul.

MUZQAYMOQ

Emulgatorlar, aromatizator va o‘simlik yog‘laridan tayyorlangan muzqaymoqlar kichik yoshdagi bolalar uchun mumkin emas. Birinchidan kimyoviy ozuqa qo‘shimchalari bor, qolaversa, shirin ta’m beruvchi birikmalari bolakayda turli allergik ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

OShIRMA BULOChKALAR

Xamirturush ta’sirida oshgan xamirni rivojlanayotgan bola organizmi yaxshi qabul qilmaydi. Ayniqsa, oshqozon osti bezi qiynaladi. Shu bois bu turdagi xamirdan tayyorlangan shirinliklarni sotib olishdan avval bolakayning sog‘ligi haqida ham o‘ylab ko‘ring.

ShOKOLAD

Tarkibida sut miqdori yuqori bo‘lgan shokoladlar bejiz bolalar uchun ishlab chiqilmagan. Chunki o‘zimiz sevib iste’mol qiladiganlarining tarkibida kakao ko‘p. Kakao esa allergik ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

TABIIY ShARBATLAR

Yangi chiqarilgan meva va sabzavotlarni teng miqdorda qaynatib ilitilgan suv bilan aralashtirish lozim. Chunki ayrimlari bolakayning oshqozon shirasiga ta’sir etib, qorin og‘riqlari va ichaklar faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz