Bolalar taomi

A’lochi o‘quvchining taomnomasi

To‘g‘ri taom - bu tetiklik, yaxshi kayfiyat, bir necha soatga yetadigan quvvat va maktabdagi yaxshi ko‘rsatkichdir. Biroq shunday taomlar ham borki, ular bolani erinchoq, kam harakat va e’tiborsiz qilib qo‘yadi. Quyida biz bolaning xotirasini yaxshilash, maktabdagi muvaffaqiyatlarini oshirish uchun uning taomnomasiga qanday mahsulotlarni kiritish lozimligini keltirib o‘tamiz.

Bola ochlikni his etishi bilan uning diqqat-e’tibori g‘oyib bo‘lishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Shuning uchun pediatrlar ota-onalar bolalarining zarur miqdorda oqsil, yog‘ va uglevodlarni iste’mol qilishini kuzatib borishi lozimligini ta’kidlaydi. Bu miya faoliyatini jadallashtiradi, e’tiborni oshirib, to‘qlik hissining uzoqroq saqlanishiga yordam beradi. Shunday mahsulotlar borki, ular kichkina o‘quvchining ratsionida muntazam bo‘lishi lozim.

Birinchi navbatda tarkibida Omega-3 yog‘ kislotalari mavjud mahsulotlar haqida so‘z yuritish lozim. Chunki ular xotira, e’tiborni rivojlantirib, stressga qarshi turishga yordam beradi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilish bolaning diqqatini jamlash va intellektual jarayonlarning tezligiga ta’sir qiladi.

Qaysi mahsulotlar tarkibida Omega-3 yog‘ kislotalari mavjud?

Yog‘li baliq (losos, tunets, seld, sardina), yong‘oqlar, tuxum va bug‘doy kurtaklari.

Maktab o‘quvchisi taomnomasini qanday tuzib chiqish lozim?

Nonushta

Glyukoza - miya uchun yoqilg‘idir. Diyetologlarning fikricha, dukkakli o‘simliklar glyukozaning eng boy manbasidir. Yosh o‘quvchi uchun bug‘doy noni, tuxum va yengil qovurilgan loviya yaxshi nonushta bo‘lishi mumkin.

Suli bo‘tqasi ham glyukozaga boydir. Bolalar odatda ularni yoqtirmaganligi uchun unga yong‘oq, mevalar va asal qo‘shishingiz mumkin. Bunday aralashma miya uchun ajoyib quvvatdir.

Tuxum ham kunni boshlashning yaxshi usuli. Agar farzandingiz 1—2 soatdan so‘ng ochlikni his qilishini istamasangiz unga nonushtada ko‘p shakar, tortlar, murabbo, sutli shokolad kabilarni bermang.

nonushta1

Intellektual tushlik

Maktab o‘quvchisi uchun tushlik tayyorlashda birinchi o‘rinda unda yog‘larning mavjud bo‘lishiga ahamiyat qarating. Odatda sir, kolbasa, sosiska maktab o‘quvchisi uchun tayyorlangan buterbrodlarning tarkibiy qismini tashkil etadi. Ota-onalar bunday taom ochlikni tezda yengishga yordam beradi deb hisoblaydi. Biroq ular uncha foydali bo‘lmagan to‘yingan yog‘larning asosiy manbasidir. Bunday taomdan so‘ng, bola uyquchan bo‘lib, uning diqqati susayadi.

Agar ota-onalar buterbrodlarni to‘g‘ri tayyorlashga erinmasa, ular juda foydali taomga aylanishi mumkin. Qovurilgan kurka go‘shti, tuxum va bug‘doy noni ajoyib tushlik bo‘la oladi. Kurka go‘shti o‘rnini baliq bo‘lagi bilan ham almashtirish mumkin.

Bola nima ichishi kerak?

Farzandingiz yetarli miqdorda suv ichishiga e’tibor bering. Uyg‘ongandan so‘ng bir stakan suv ichish yuvinish yoki tish yuvish kabi odat tusiga aylanishi lozim. Unga qaynatilgan iliq suv ichishni taklif qiling.

Suvsizlik charchoq, serzardalik va fikrlash jarayonining susayishiga olib kelishini unutmang! Bolaga maktabga toza ichimlik suvini butilkada berib yuboring. Mevali sharbatlar ham antioksidantlarga ega bo‘lganligi uchun foydali hisoblanadi, biroq oddiy ichimlik suvi o‘rnini bosa olmaydi.

Farzandingizga kun o‘rtasida turli batonchalar, konfet va gazli ichimliklarni tamaddi qilishiga ruxsat bermang. Bu miya faoliyatiga so‘zsiz salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Maqolani tayyorlashda "Parents.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.