Maktab yoshi

Birinchi qo‘ng‘iroqqa tayyormisiz?

Hademay ta’til tugaydi, o‘quvchilar uchun ham, ularning ota-onalari uchun ham! Maktab bozori avjiga chiqqan, hamma yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rgan. Biz ham ushbu dolzarb mavzuni chetlab o‘tolmaymiz, albatta. Quyida yangi o‘quv yilini ma’lum o‘zgarishlar bilan qarshi olayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga maslahatlarimiz bor.

1. Bolangiz birinchi sinfga borayapti. Bu yil kichkintoyingiz ilk bora maktabga qadam qo‘yadi. Quvonchu hayajoni bir olam. Oldinda uni qanchadan- qancha yangiliklar kutayapti. Maktab formasini allaqachon olib qo‘ygandirsiz. O‘quv qurollari bu yil sizga tekin. Endigi vazifangiz bolani maktabga ruhan va jismonan tayyorlash. Bugundan boshlab uni ertalab barvaqt turishga o‘rgating, ya’ni kun tartibini shunga moslang. Bir joyda qimirlamay 45 daqiqa o‘tirish oson emas, bunga ham asta-asta o‘rgatib boring. Yana bolaning xotirasini charxlash uchun shu kunlarda unga ko‘proq yodlating: bu karra jadval bo‘ladimi, quvnoq she’rmi yoki topishmoqmi – farqi yo‘q. Asosiysi, foydali narsa bo‘lsin. Charxlangan xotira ma’lumotlarni oson qabul qiladi. Sizni va farzandingizni oldinda unutilmas va ajoyib daqiqalar kutyapti...

2. Farzandingiz maktabini o‘zgartirdi. Sharoit taqozosiga ko‘ra maktabini o‘zgartirishga to‘јri keldi. Avvalo, bu o‘zgarishlar adekvat, ya’ni bolaga mos bo‘lsin. Ayrim ota-onalar o‘zbek tilida ta’lim olib turgan bolani birdaniga chet tilida ta’lim beriladigan maktabga o‘tkazishadi. Yoki oddiy maktabda o‘qib yurgan o‘quvchini to‘satdan musiqaga ixtisoslashgan maktabga berishadi. Albatta, unga oson emas. Hatto, yoz bo‘yi farzandingizni repetitor yordamida tayyorlagan bo‘lsangiz ham. Umuman, maktabni o‘zgartirishning o‘ziyoq uning uchun katta stress. Uni hozirdanoq ruhan qo‘llab-quvvatlang. Yangi o‘qituvchi bilan darslar boshlanguncha tanishib, bolangizni ham tanishtirib qo‘ying. Iloji bo‘lsa, ota-onalar qo‘mitasi raisi bilan ham tanishing, sinfning o‘ziga xosligi, u yerdagi muhit, muammoli va a’lochilar haqida ma’lumot oling. Toki dilbandingiz maktabga kerakli ma’lumotlar bilan qurollanib borsin. Ilk kunlarda o‘zini biroz yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Bundan xavotir olmang. Muhimi, o‘qituvchisi va sinfdoshlari bilan aloqa boјlab olsa bo‘lgani. Bola qanchalik yosh bo‘lsa, o‘zgarishlarga shunchalik tez ko‘nikadi. O‘smir yoshdagilar bilan biroz qiyinroq, lekin buning ham davosi vaqt. Asosiysi, farzandingiz muhim saboq olayapti – yangi jamoaga qo‘shilib, ko‘nikib ketish saboјini. Kelajakda bu tajriba unga juda kerak bo‘ladi.

3. Kunning ikkinchi yarmida maktabga boradi. Eng asosiy muammo – kun tartibining o‘zgarishi. Endi u barvaqt turmaydi, ertalab istagancha uxlashi mumkin. Darslarni ham kechqurun emas, kunduzi tayyorlasa bo‘ladi. Ammo shuncha imtiyozlarga qaramay kun tartibining o‘zgarishi bolalarning o‘qishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Endi u darslarni maktabdan kelgan zahoti tayyorlamay, keyinga surishga harakat qiladi. Bu – chatoq. Chunki darslar o‘sha kuniyoq takrorlansa va keyin uyquga ketilsa, miyaga yaxshiroq o‘rnashadi. Lekin kun bo‘yi o‘qigan bolani kechqurun dars qildirishga ko‘ndirish qiyin. Siz uy vazifalarni ikkiga taqsimlang: yodlanadiganlari o‘sha kuniyoq, yoziladiganlari ertasiga. Chunki kechqurun yodlangach, ertalab takrorlash kerak bo‘ladi. Ayni kunlarda kun tartibini o‘zgartirishga tayyorlab boring, vaqtida yotsin, vaqtida tursin, yarim kechagacha televizor ko‘rmasin.

4. Farzandingiz o‘tgan yili fanlarni yaxshi o‘zlashtirolmagan edi. Muammoingiz yuqoridagilardan jiddiyroq-ku, ammo vahima qiladigan joyi yo‘q. Farzandingiz o‘tgan o‘quv yilida fanlarni yaxshi o‘zlashtira olmagan bo‘lsa, albatta, yoz oylarida u bilan qo‘shimcha shuјullangansiz. Lekin maktabga besh kun qolganda endi uni tinch qo‘ying. Yaxshilab uxlasin, o‘ynasin, hordiq chiqarsin. Bo‘lmasa, shuncha harakatingizga qaramay, darslarni yana o‘zlashtirolmay qolishi mumkin. Yana bir jihat: bolada o‘ziga nisbatan ishonchni shakllantirish. «Bu yil katta bo‘lib qolding, shuncha tayyorlanding, endi albatta yaxshi o‘qiysan. Lekin mabodo biron narsa o‘xshamay qolsa ham, biz, baribir, seni yaxshi ko‘ramiz», – deng. O‘qituvchisiga ham bu yil farzandingiz alohida tayyorgarlik bilan kelganini ayting, toki unga yana imkon bersin.

Manba: Darakchi.uz