Bog‘cha yoshi

Bola isitmalaganda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar

Yuqori harorat — organizmning tashqaridan bo‘ladigan xavf, masalan infeksiyadan himoya reaksiyasidir. Qo‘ltiq chuqurchasida o‘lchaganda, 36,0—37,0 daraja harorat normal hisoblanadi. Harorat sutka qismi, yosh va jismoniy faollikka qarab o‘zgarib turishi mumkin.

Tana harorati unchalik xavfli bo‘lmagan kasallik chog‘ida ham ancha yuqori ko‘tarilishi mumkin. Bunday paytlarda ota-ona g‘aflatda qolmasligi uchun bolaga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlardan xabardor bo‘lishi lozim.

Toshkentning Yunusobod tumanidagi 51-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Salimova Nargiza Ergashmurodovna bu borada ba’zi muhim tavsiyalarni berib o‘tdi.

  • Bolangizning tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lmasa, isitmani tushiradigan dori-darmonlar berish kerak emas. Gap shundaki, yuqori haroratda organizm infeksiya bilan samaraliroq kurashadi, shuning uchun juda zarur bo‘lmasa, uni tushirish tavsiya etilmaydi.
  • Agar harorat 38 darajadan yuqori ko‘tarilsa, bolaga shifokor tomonidan tavsiya etilgan isitmani tushiradigan dori-darmon berish lozim. Juda yosh bolalarga shamdori shaklidagi, kattaroqlariga sirop ko‘rinishidagi preparatlarni qo‘llash mumkin.
  • Isitma sababini aniqlash uchun albatta shifokor chaqiring. Boladagi tumov, yo‘tal, ko‘ngil aynishi, ich ketishi, bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i, toshma kabi boshqa belgilarga e’tibor bering.

Foto 2

  • Bola changak bo‘lib qolsa (sudoroga) yoki harorati 40 darajadan oshib ketsa, zudlik bilan “Tez yordam” chaqiring, u yetib kelgunicha bolaga isitmani tushiruvchi dori bering.
  • Bolani uxlatishga harakat qiling. Unga qiziqarli kitob o‘qib bering, multfilmlar ko‘ring, tinch o‘yinlarni o‘ynang. Eng yaxshisi, bola uxlab, dam olishi va kuch to‘plashiga imkoniyat yarating.
  • Bemor bolaga tez hazm bo‘ladigan ovqatlar berish lozim. Go‘sht (ayniqsa qovurilgani), yog‘li, shirali va konservalangan oziq-ovqatlarni vaqtincha yedirmay turing.
  • Bolaga ko‘p suyuqlik ichiring, shunda organizmdan viruslar faoliyati chog‘ida paydo bo‘lgan toksinlar chiqib ketadi. Limonli yoki malinali iliq choy, asalli sut, shuningdek, sharbat, kompot, mineral suv, shifobaxsh o‘tli qaynatmalar ichirish tavsiya etiladi.

Foto 3

  • Xonani tez-tez shamollatib, havosini namlantirib turing. Bunga xonaga suv to‘ldirilgan 3 litrli banka qo‘yish yoki ho‘l sochiq osib qo‘yish orqali erishish mumkin. Xonadagi harorat 20—21 darajadan oshmasligi kerak.
  • Bolani qavat-qavat qilib kiyintirish va o‘rab tashlash kerak emas. Bemor bolani yengil kiyintirib, ustiga yo‘rgak yoki yengil ko‘rpa yopib qo‘ying, shunda ortiqcha issiqlik to‘siqlarsiz chiqib ketadi.

Foto 4

  • Bolani sirka yoki spirt bilan artish kerak emas. Spirt teri orqali oson singadi, natijada bola organizmi zaharlanishi mumkin.
  • Agar yuqori harorat davolash boshlanganidan so‘ng 3—4 kunda o‘tib ketmasa, shifokorni qayta chaqirib, muolajani yangidan belgilash lozim.