Bog‘cha yoshi

Bolaga bog‘cha tanlash

Bog‘cha bola uchun yangi bir bosqich. Albatta bolaning bog‘chaga borishi unga foydali. Agar ota-ona ishga chiqadigan bo‘lsa, ayniqsa bog‘cha zarur bo‘ladi. Atrofimizda ko‘plab bog‘chalar mavjud, "ulardan qaysi biri yaxshi ekan?"degan savol uyg‘onishi tabiiy. Chet elda yashayotganlar uchun buni bilish ayniqsa muhim. Bog‘cha tanlashda nimaga ahamiyat bermoq lozim?

Bog‘chani tanlashga astoydil yondashsangiz bundan siz ham, bolajoningiz ham yutasizlar.

1. Bog‘chaga borib bir oz kuzating:

- tarbiyachilarning bolalar bilan muomalasi; - bolalarning o‘zaro munosabati; - bog‘cha tartibi; - bola yig‘lasa tarbiyachi uni qanday ovutishi; - bolaga mehr bilan qaraydimi; - bolalarning tarbiyachi bilan muloqoti yaxshimi; - bolalarni erkalaydimi; - kichik bolalar bo‘lsa ularni ko‘tarib yuradimi; - bola bilan muloqot qilayotganda tarbiyachi zavq olayotgani seziladimi; - tarbiyachi asabiylashmaganmi.

2. Har bir tarbiyachiga nechta bola to‘g‘ri kelishini aniqlang. Eng kichik guruhdagi bolalar (2 yoshgacha) normada bir tarbiyachida 4 tadan ortiq bola bo‘lmasligi kerak.

3. Bog‘cha litsenziyasini ko‘ring (muddati o‘tgan bo‘lmasligi kerak).

4. Tarbiyachilar malakasi, ma’lumoti bilan tanishib chiqing.

5. Bog‘cha mafkurasi bilan (bolalar bilan muomalada bog‘cha yuritadigan falsafa, tizim yoki tartib) tanishib chiqing.

6. Xonalarni aylanib chiqing:

- tozami; - xavfsizmi; - o‘yinchoqlar bola yoshiga mosmi.

Janubiy Koreyada bog‘cha tanlashdan oldin uzun navbatga turish lozim. Davlat bog‘chalarida tarbiyachilar har 6 oyda attestatsiya qilinadilar. Bog‘chadagi tarbiya, o‘qitish va muomala dunyo tan olgan standartlar asosida olib boriladi.

7. Kasal bolalarga nisbatan qanday siyosat o‘tkaziladi:

Qay holatda kasal bolani bog‘chaga qabul qilib, qay holida aslo kiritmaydi?

8. Bog‘cha gigiyenasini kuzating:

- bolaning tagligini almashtirgandan so‘ng tarbiyachi qo‘lini yuvadimi; - o‘ynash joylar taglik almashtirish joyidan alohidami; - bolalar bir-birining idishidan ovqatlanishmaydimi; - bog‘chada tozalash ishlari qilinsa, qo‘l yuviladimi; - bolalar bir-birining kiyimini kiyishmaydimi.

9. Favqulotda holat yuz bersa (masalan yong‘in) bog‘chadan evakuatsiya qilish rejasi mavjudmi?

10. Shu bog‘chaga boradigan bolalar ota-onasi bilan suhbatlashib ko‘ring.

11. Sizga shu bog‘cha ko‘nglingizga yoqyaptimi?

12. Bog‘cha xodimlariga savol berishga tortinmang.

Axir bog‘cha bolajoningizning uydan tashqi hayotga kirishida birinchi katta qadamidir. Bu qadam qanchalik mustahkam va yoqimli bo‘lsa, keyingi qadamlar ham unga muvofiq bo‘ladi.