Tarbiya

Bolaga pul berasizmi?

Ba’zi ota-onalarning fikricha, bola pul bilan muomala qilishni qancha erta o‘rgansa, shuncha yaxshi. Yana bir guruh ota-onalar esa pul bolaning tarbiyasini buzadi, deyishadi. Ana shunday qarama-qarshi qarashlarga yechim topish maqsadida ruhshunos ANJIM ShAMShIMETOVAga murojaat qildik.

Bola va pul: ilk suhbat qachon?

Bolaning aqliy rivojlanishidan kelib chiqib, pul haqida ilk bor uning 3-4 yoki 5 yoshida suhbatlashish mumkin. Masalan, “Men, sen va singling sog‘lom bo‘lishimiz uchun dadang mana shu mevalarni olib keldi. Ularni pulga sotib olgan” kabi gaplarni nazarda tutayapmiz. Pul haqida gapirganda ko‘proq oilaviy qadriyatlarga urg‘u bersangiz, bolada ahillik tushunchasi shakllanib boradi.

Moliyaviy muammolar sir bo‘lsin

Boshlang‘ich sinf o‘quvchisida pulga ehtiyoj yuqori sinflarnikiday bo‘lmaydi. Shu bois ular ota-onaning moliyaviy masaladagi suhbatini eshitishsa-da, u qadar parvo qilishmaydi. O‘smirlar uchun esa bunday muammolar muhokamasida ishtirok etish – kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlardan hayiqish, oilaviy hayotni eplay olmaslikdan xavfsirash kabi komplekslar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, imkon qadar bolangizning yonida moliyaviy masalalarni ularga eshittirmay hal qiling.

Ota-ona daromadi muhimmi?

Kichik bolalar, asosan, do‘stlarining o‘yinchoqlariga qarab, u yoki bu kasb haqida tasavvur qilishadi. Bunday paytda bolaning yoshini hisobga olib, kasbingiz va unga qanday erishganingizni tushuntirishingiz kerak. O‘smir farzandingiz esa kasb-korni ijtimoiy darajaga qarab baholaydi. Shu bois u mehnatingizni qadrlashi uchun bir kunlik eng zarur xarajatlariga oylik maoshdan qancha ajratishingizni sodda qilib tushuntirib boring. Aslo “Ko‘rdingmi men qancha topaman” yoki “Falonchidan ham ko‘p pul ishlayman”, degan so‘zlarni qo‘llamang. Aks holda bolangizda “shaxsparastlik” paydo bo‘ladi.

Bolaga pul berish tartibi

Bola 1-sinfga borgan paytdan boshlab, unga oz-ozdan pul berib borish kerak. Shu bilan birga farzandingizning kundalik xarajatlari, bergan pulingizni nimalarga sarflayotgani haqida surishtirib boring. Masalan: “Bugun tushlikka nima olib yeding?”, deb so‘raysiz. Bolangiz, albatta, buni yashirmaydi. Shunday surishtiruvlar asnosida kunlik xarajat uchun berayotgan pulingizdan ortib qolayotganini sezsangiz, e’tibor bering: bolangiz buni sizdan yashirmayaptimi?

“5” baho olsang, 1000 so‘m beraman!”

Ayrim ota-onalar farzandlarining o‘qishga layoqati oshishini istab, kundalik baholarni pullik mukofot bilan rag‘batlantirishadi. To‘g‘ri, bu bilan pulga qiziqqan bola yaxshi o‘qishga, a’lo baho olishga harakat qila boshlaydi. Biroq ikkinchi tarafdan unda har narsaning qiymatini pul bilan o‘lchash mumkin, degan tasavvur hosil bo‘lishi ham mumkin.

Aqchadon (kopilka) olib bering!

Bolalikda o‘zimiz ham katta-kichik tangalar yoki ota-onamiz bergan qaytim pullarni yig‘ib borganmiz. Eslasangiz, ko‘pchilikning o‘z “aqchaqutisi” bo‘lgan. Іozir aqchaqutilarning rang-barang xillari mavjud bo‘lib, uni boladagi qiziqishga qarab, tanlash mumkin. Bu usul bilan bolaga pul yig‘ishni o‘rgatish uning fe’l-atvorida tejamkorlik, kelajakda biror maqsadni ko‘zlab harakat qilish kabi tushunchalar shakllanishiga yordam beradi. Shu bois farzandingiz aqchadonga pul yig‘a boshlasa, uni qanday sarflashini birgalikda maslahatlashing. Yig‘ishi uchun har kuni pul beravermang. Kunora yoki haftada 2-3 marta oz-ozdan berib borsangiz, kifoya.

Ishonch yaxshi, ammo...

Boshlang‘ich sinfdagi bolaning kunlik xarajatlarini taxminan hisob-kitob qila olasiz. O‘smirlarga kelganda esa kundalik ehtiyojlardan tashqari ortiqcha qiziqishlar, demakki, xarajatlar ham ko‘zga tashlanadi. Agar ziyrak ota-ona bo‘lsangiz, buni darrov fahmlaysiz. Yaxshisi, o‘smir o‘g‘il-qizlarni tekshirib turishdir. Masalan, qo‘shimcha mashg‘uloti uchun to‘lanadigan pulni o‘qituvchisiga bir safar uning o‘zidan berib yuboring. So‘ng orqavarotdan bergan-bermaganini surishtiring. Farzandingiz sizning ishonchingiz bilan birga nazoratingizni ham his qilsin. Bundan tashqari unga: “Men senga ishonaman! Axir, meni aldamaysan-ku, to‘g‘rimi?” qabilida gapirib, mas’uliyat hissini qaror toptirib boring.

“Bolaga pul kerak emas”

Bu noto‘g‘ri fikr. Chunki bolaning yoshiga qarab, unga oz-ozdan zarur xarajatlari uchun pul berib turish zarur. Agar bu borada cheklov qo‘yib, pullik masalalarni sen uchun ham o‘zim hal qilaman, desangiz, keyinchalik u moliyaviy masalalarda uddaburon bo‘lolmaydi. Mabodo, pul uning tarbiyasiga salbiy ta’sir etishidan xavotirlansangiz, kerakli narsani bola bilan birga xarid qiling. Shu asnoda moliyaviy masalalarni hal etish, xarajatlarning eng zarurlari-yu, keraksiz chiqimlar haqida tushuncha bering.

“Pul yig‘ishga qiziqib ketdi...”

-Birinchi sinfga borgan o‘g‘limning kundalik xarajati uchun oz-mozdan pul beramiz. qarasak, har gal 100-200 so‘m ortib qolayapti. Yig‘ib borsang, o‘zingga biror nima olarsan, dedik. Shungami, endi bolamiz do‘konga chiqib kelsa ham qaytimini yig‘ayotganiga qo‘shadigan bo‘ldi. Xayoli chalg‘imasmikan, deb xavotirlanayapmiz...

O‘tkir, Toshkent shahri

Maslahat: Bola sizdan kundalik xarajat uchun pul olayotganida har gal bir xil miqdorda bermang. Ana shunda ortib qolgan pulni ertasiga qo‘shib ishlatadi. Do‘konga chiqqanida esa, albatta, necha so‘m qaytim qolganini so‘rang. Bir safar qaytimni olib: “Singlingning falon narsasiga qo‘shamiz”, deysiz. Keyingi safar esa yig‘ishi uchun berasiz. Ana shunda bolangiz pulning qadrini anglab boradi.

“Sinf jamg‘armasiga pul olib kel”

-Qizimning bog‘cha tarbiyachisi sinf jamg‘armasi uchun yig‘iladigan pulni doim boladan aytib yuboradi. Pul nimaligini tushunmaydigan qizcham: “Oyi, berishingiz kerak”, “Qachon berasiz”, “Oygul kecha olib keldi” kabi so‘zlar bilan meni bezor qiladi. Umuman, bolani pullik masalalarga aralashtirish to‘g‘rimi?

Zebo, Navoiy shahri

Maslahat: Avvalo, bog‘cha tarbiyachisi va maktab o‘qituvchilari moliyaviy masalalarga bolalarni aralashtirishmasin. Juda zarur bo‘lsa, qog‘ozga yozib: “Uyingdagilarga berib qo‘y”, deyish kerak. Aks holda bola o‘zi tushunmagan holda vositachiga aylanib qoladi. Bora-bora pul deyilsa, unda: “Mening falon narsam uchun kimdir pul to‘lashi kerak” degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Asalning ham ozi shirin

-To‘rtinchi sinfga boradigan o‘g‘lim kecha maktabdan kelib: “Oyi, menga ham ko‘proq pul bering. Akromning dadasi juda ko‘p pul beradi, unga maza...”, deydi. “Xo‘sh, u shuncha pulni qayerga sarflaydi”, deb so‘rasam: “Ovqatlanadi, ortib qolganiga kompyuterxonada o‘yin o‘ynaydi”, deb javob berdi. hayronman, nahot, ota-onalar farzandlariga ortiqcha pul berish noto‘g‘ri ekanligini tushunishmaydi?!

Nargiza, Boysun shahri

Maslahat: Bolangiz va uning do‘sti pul qadri, uning qanday mehnat evaziga kelishini hali tushunishmaydi. Bu keyinchalik ularni “oson pul topish”ga o‘rgatib qo‘yadi. Shuning uchun farzandingizga ortiqcha pulning uvoli tutishini, unga ajratilayotgan kunlik puldan tashqari oilada boshqa xarajatlar ham borligini tushuntiring. Toki, pul topish va uni sarflash uchun ham aql kerakligini idrok etsin.

Asalning ham ozi shirin

-To‘rtinchi sinfga boradigan o‘g‘lim kecha maktabdan kelib: “Oyi, menga ham ko‘proq pul bering. Akromning dadasi juda ko‘p pul beradi, unga maza...”, deydi. “Xo‘sh, u shuncha pulni qayerga sarflaydi”, deb so‘rasam: “Ovqatlanadi, ortib qolganiga kompyuterxonada o‘yin o‘ynaydi”, deb javob berdi. hayronman, nahot, ota-onalar farzandlariga ortiqcha pul berish noto‘g‘ri ekanligini tushunishmaydi?!

Nargiza, Boysun shahri

Maslahat: Bolangiz va uning do‘sti pul qadri, uning qanday mehnat evaziga kelishini hali tushunishmaydi. Bu keyinchalik ularni “oson pul topish”ga o‘rgatib qo‘yadi. Shuning uchun farzandingizga ortiqcha pulning uvoli tutishini, unga ajratilayotgan kunlik puldan tashqari oilada boshqa xarajatlar ham borligini tushuntiring. Toki, pul topish va uni sarflash uchun ham aql kerakligini idrok etsin.

Manba: Darakchi.uz