Kutubxona

Bolalar uchun velosiped tanlaymiz

Velosiped ixtiro qilishning nima keragi bor? Mashhur ibora. Uni biroz o‘zgartirib ifoda qilamiz. Velosiped turganida, bolaga nima sotib olish haqida o‘ylashning nima keragi bor? Bu faol bola uchun eng yaxshi temir do‘st. Birgina masala, uni to‘g‘ri tanlash kerak.

Bolaga velosipedni qanday tanlash kerak?

Quloqqa ilib olishingiz kerak bo‘lgan birinchi narsa — gavdaning o‘sishini hisobga olib kattaroq velosiped olaman demang. Temir tulpor bolaning jismoniy o‘lchamlariga aynan mos kelishi kerak.

Bolalar velosipedlarining bo‘yga qarab klassifikatsiyasi:

  • 98 santimetrgacha. Bolalarning yosh kategoriyasi: 1,5—3 yosh — g‘ildirak diametri — 12 dyuym;
  • 115 santimetrgacha. Bolalarning yosh kategoriyasi: 3—5 yosh — g‘ildirak diametri —  16 dyuym;
  • 130 santimetrgacha. Bolalarning yosh kategoriyasi: 5—9 yosh — g‘ildirak diametri —  20 dyuym;
  • 130 santimetrdan yuqori. G‘ildirak diametri — 24 dyuym.

Rama

Bolalar uchun ramasi past bo‘lgan velosiped sotib olgan ma’qul, bu uning minish jarayonini osonlashtiradi va favqulodda vaziyatda bola tezkorlik bilan sakrab tushishi mumkin. Va, hatto, u yiqilib tushsa ham, bu past balandlikda sodir bo‘ladi, natijada shikastlanishlar kamayadi.

Rama balandligini tekshirib ko‘rish uchun velosipedni tik holda turgan bolaning oyog‘i tagiga qo‘yish kerak. Ramadan chotgacha bo‘lgan masofa 5—10 santimetrni tashkil etishi kerak.

Sozlash

Egar va boshqa qismlarning baland-pastligini sozlash imkoniyati uning bola ketidan “o‘sish”i imkonini beradi, shuningdek, bu transport vositasini yosh poygachining o‘lchamlariga aynan moslash uchun sharoit yaratadi.

Agar egar to‘g‘ri sozlangan bo‘lsa, pedallarni aylantirish chog‘ida oyoq pastga tushib turgan holda unga yetishi kerak. Tizza bo‘g‘imi taxminan 120 darajali burchak ostida egilgan bo‘lsa, yaxshi.

Rul

Iloji bo‘lsa, rulning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, bu muammoni maxsus cheklagich bilan hal qilish mumkin. Agar u o‘rnatilmagan bo‘lsa, keskin burilish chog‘ida oyoq rama va rul orasida qisilib qolishi yoki bola rulga urilib ketishi mumkin.

Zanjir

U himoyalangan (yopilgan) bo‘lishi kerak. Bu unga harakatlanish chog‘ida kiyim kirib qolishi oldini oladi.

Tormoz

7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga faqat qo‘l tormozi bo‘lgan modellarni sotib olish tavsiya etilmaydi. Shoshilinch tormoz berish zarurati yuzaga kelganida, bola qo‘l tormozini bajara olmay qolishi — uni yetarli bo‘lmagan kuch bilan bosishi mumkin. Faqat oyoq tormozi yoki ikkala tormoz ham bo‘lishi kerak.

Og‘irlik

Qanchalik yengil bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Bu tomoni sizga yaxshi bo‘ladi. Chunki velosipedni yuqori qavatga olib chiqish va pastga tushirish bilan siz shug‘ullanishingiz tayin. Ammo bu vazifani bola o‘z bo‘yniga olsa, unda velosipedning yengil bo‘lishi yanada zarur. Yengil variantni boshqarish ham oson bo‘ladi.

Xavfsizlik

Odatda sifatli velosipedlar harakatlanish vaqtidagi xavfsizlikni ta’minlovchi aksessuarlar bilan jihozlangan bo‘ladi. Bular bolani yerdan sachraydigan loydan himoya qiluvchi g‘ildirak qanotlari, g‘ira-shirada yurish vaqtida xavfsizlikni oshiruvchi yorug‘likni aks ettiruvchilar va faralardir.