Salomatlik

Bolaning to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradigan massaj

Bir yoshgacha bo‘lgan bolani massaj qilish uni parvarish qilishning muhim qismini tashkil etishi kerak. Massajni onaning o‘zi ham qilaveradimi yoki mutaxassisga murojaat qilish kerakmi? Malakali bolalar massajistiga qachon ehtiyoj tug‘iladi? Qaysi hollarda bolaga davolash massaji tavsiya etiladi? Shu kabi savollarga javob topish uchun ushbu maqolaga bir yoshgacha bo‘lgan bolalar massaji haqida kerakli ma’lumotlarni to‘plashga harakat qildik.

Mutaxassislarning fikricha, muntazam ravishda massaj qilingan bolalar tengdoshlariga nisbatan ertaroq o‘tirishni, emaklashni, yurishni o‘rganishadi. Ular massajni chaqaloq 6 haftalik bo‘lgan vaqtdan boshlashni tavsiya etishadi. Undan oldin albatta shifokordan maslahat olish zarur!

Emizikli bolalarga massaj tavsiya etiladigan holatlar:

  • asab tizimi, suyak-mushak tizimi kasalliklarida
  • sun’iy ovqatlantirishda bo‘lsa
  • rivojlanishda orqada qolayotgan bo‘lsa
  • vazn yetishmasligi yoki ortiqchaligi holatlarida
  • biron-bir yuqumli kasallikni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa

Emizikli bolalar uchun massajning foydalari:

  • mushaklar tonusi yaxshilanadi, kuchi va elastikligi oshadi
  • bo‘g‘inlar egiluvchanligi yaxshilanadi
  • bola organizmining himoya kuchlari faollashadi
  • harakatlar koordinatsiyasi rivojlanadi
  • raxit kasalligi asoratlarining oldini olishda yordam beradi
  • tayanch-harakat tizimi mustahkamlanadi
  • moddalar almashuvi kuchayadi
  • ovqat hazm qilish yaxshilanadi, ich qotishi, dam bo‘lishining oldi olinadi
  • qon aylanishi va yurak ishi yaxshilanadi
  • ter va yog‘ bezlari faoliyati yaxshilanadi
  • bolaning asablari tinchlanib, uyqusi yaxshilanadi, ishtahasi ochiladi

Bu foydali ta’sirlar natijasida bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishi tezlashadi.

Sog‘lom bolaga massajni bir yoshga kirguncha har kuni qilgan yaxshi. Boshida tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tajribali mutaxassisga murojaat qilib, keyinchalik onaning o‘zi o‘rganib olgach, o‘zi qilishi ham mumkin. Bunda albatta, har 3 oyda mutaxassis yordamidan foydalanib, bolaning yoshiga mos massaj harakatlarini ko‘rib, o‘rganib olgan ma’qul.

Esingizda bo‘lsin:

  • massajning barcha harakatlarini kuch ishlatmasdan, kuchli bosimsiz bajarish kerak
  • massaj bola ovqatlanishidan bevosita oldin yoki keyin qilinmaydi, 60 daqiqalik tanaffus saqlanadi
  • massajni bola uxlashdan oldin qilgan yaxshi
  • massajni bola ixtiyoriga qarshi qilish kerak emas, agar bola injiqlanaversa, keyinga qoldirgan ma’qul

Bolada biron-bir kasallik aniqlangan bo‘lsa yoki rivojlanishda orqada qolayotgan bo‘lsa, massaj muolajaning bir qismi hisoblanib, albatta malakali mutaxassis tomonidan shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilishi kerak.

Manba: Daryo.uz