Chaqaloq

Farzandga ism tanlashda nimalarga ahamiyat berish lozim?

Har bir ota-ona farzandiga chiroyli va mazmundor ism qo‘yishga harakat qiladi. Ba’zi ota-onalar qanday ism qo‘yish haqida farzandi dunyoga kelishidan oldinroq o‘ylab qo‘yadilar: kitoblardan izlaydilar, kishilar ismlariga ahamiyat berib yuradilar, o‘tgan biror ajdodi xotirasi uchun farzandiga ismini beradilar yoki fazilatli tanish-bilishlaridan biriga havas qilib, bolam ham shu insondek bo‘lsin, deya ularning ismini qo‘yadilar. Hadislarda ham ota-ona oldidagi farzlardan biri farzandiga yaxshi ism qo‘yish ekanligi ta’kidlanadi.

Bu borada onalarimiz nimalarga e’tibor bermoqdalar? Farzandingizga ism tanlaganda nimalarga ahamiyat bergansiz, qay jihatlarni inobatga olgansiz, degan savol bilan jamiyatimizning faol ayollaridan ba’zilariga murojaat qilganimizda, ular:

Shoira Yakubova (“Daryo” nashri jurnalisti):

— Farzandlarimga ism tanlashda, avvalo, “yangiroq”ligiga e’tibor berganman. Shuningdek, qisqa va lo‘nda (-xon, -bonu, -jon, -bek va shu kabi qo‘shimchalarsiz) ismlarni afzal ko‘raman.To‘g‘risi, o‘zimning ismimdan har doim uyalganman, chiroyli, zamonaviy emasdek tuyulgan har doim. Shuning uchun farzandlarimga chiroyli jaranglaydigan va zamonaviy ism qo‘yishga harakat qildim. Qizimning ismi — Diyora (4 yosh), o‘g‘limniki — Yusuf (9 oylik). Ikkalasida ham “tashabbus” o‘zimdan chiqqan, turmush o‘rtog‘im va qaynota-qaynonamlar ham buni ma’qullashgan. Qizig‘i shundaki, qizim ba’zan ismi o‘ziga yoqmasligini, boshqacha ism qo‘yganimizda yaxshi bo‘lishini aytib qoladi. Qaynota-qaynonam ism tanlashni o‘z ixtiyorimizga qo‘yib berishgan. Ota-onam esa o‘zimnikiga o‘xshagan, uyqash bo‘lgan yoki bir xil harf bilan boshlanadigan ismlarni taklif qilishgan.

Inoyatxon (O‘zBloggerlar chempionati g‘olibi):

— Biz farzandimizning ismi islom qoidalariga ko‘ra, ma’noli bo‘lishiga ko‘proq ahamiyat berdik. Arab tilidan olinishi ham shart emas, muhimi go‘zal ma’no. Chet elda yashash ehtimolini nazarda tutib, imkon boricha qisqa (maksimum 6 ta harf) bo‘lishiga, boshqa xalqlar tillarda qanday jaranglashiga e’tibor berdik. Shuningdek, o‘g‘limizning ismiga “xon”, “jon” yoki “bek” kabi qo‘shimchalarni qo‘shmaslikka kelishib oldik. Odamlarning ismga qarab oldindan bir fikrga kelish odatini hisobga olib, mashhur terroristlar, islomiy ismligi aniq bilinib turadigan ismlarni tanlashdan uzoq turishga ham majbur bo‘ldik.

Xo‘sh, ota-onalar farzandlariga ism tanlayotganlarida yana qay jihatlarga ahamiyat berishlari lozim? Yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha tarzida bir nechta tavsiyalarni e’tiboringizga havola etamiz. Ism tanlayotganda:

[дропсап тйпе="сирсле"]1[/дропсап] Ismning avvalo ma’nosini, kelib chiqish tarixini bilish muhim;

[дропсап тйпе="сирсле"]2[/дропсап] Iloji boricha an’analarga bog‘lab yondoshilsa, ismlarda milliy ruh saqlanib qolinsa, ular ona tilimiz qonuniyatlari va talablariga mos bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur;

[дропсап тйпе="сирсле"]3[/дропсап] Tildagi mavjud, tayyor nomlardan foydalanish bilan bir qatorda yangi, o‘ziga xos ismlar ustida izlanish lozim. Chunki bir xil, o‘xshash ismlarning keng tarqalishi jamiyatda bir xil ism bilan ataluvchi insonlar sonining ko‘payib ketishiga olib keladi;

[дропсап тйпе="сирсле"]4[/дропсап] Tanlanayotgan ismning talaffuzi va yozilishiga, undan familiya va ota ismi yasashning qulayligiga ham e’tibor berish zarur.

[дропсап тйпе="сирсле"]5[/дропсап] Qo‘yiladigan ism farzandni noqulay ahvolga soladigan, odamlar o‘sha ism bilan uni kalaka qilib masxaralaydigan, har safar o‘z ismini eshitganida aziyat chekadigan bo‘lmasligi lozim;

[дропсап тйпе="сирсле"]6[/дропсап] >Ehtiyot bo‘ling: tanlanayotgan ism rasmiy hujjatda to‘g‘ri, xatosiz yozilmog‘i kerak. Ismdagi birgina harfning ehtiyotsizlik, o‘qimishsizlik va yo boshqa vaj sabab xato yozilishi nafaqat ma’noning o‘zgarishiga ta’sir qiladi, balki kutilmagan haqoratli so‘z yuzaga kelishiga ham olib kelishi mumkin. Masalan, “dur, marvariddek bebaho qiz” degan ma’noni beruvchi GAVHAR ismining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada GOVHAR tarzida ifodalanishi mas’ul shaxsning kechirib bo‘lmas mas’uliyatsizligidir. Chunki, biz bilamizki, gov – “sigir”, har – ““eshak” degan ma’nolarni beradi. Juda xunuk holat, shunday emasmi?!

[дропсап тйпе="сирсле"]7[/дропсап] Qo‘yilgan ismlar farzandlarni axloqli, komil inson qilib tarbiya qilishda ham asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shayx Bakr ibn Abdulloh Abu Zaydning "Farzandga ism qo‘yish" kitobida shunday deyiladi: “Kitobning nima haqidaligi uning nomidan bilinadi. Shuningdek, ism ham nomlangan narsaning unvonidir”.