Tarbiya

Farzandi ziyoli bo‘lishini istaydiganlar uchun 10 ta maslahat

«O‘z farzandining uztozlarini biladigan, dars tayyorlashda farzandiga yaqindan yordam beradigan va farzandiga oq-qorani tanita oladigan ota-onalar butun dunyoni    o‘zgartirishga qodirdirlar»

Bil Klinton (AQShning sobiq prezidenti)

Farzand – inson umrining gultoji. Shubhasiz, farzandning hayot deb atalmish katta yo‘lga kirib kelishida ota-ona uning birinchi ustozlari hisoblanishadi.  Murg‘ak qalb egasining birinchi so‘zni to‘g‘ri aytib, tili chiqqunicha, emaklashni boshlab toki yugurishni eplagunicha, biror sohaga qiziqib qolib, uning sir-asrorlarini egallay olgunicha bo‘lgan davr mobaynida ota ham, ona ham birdek ma’sul hisoblanishadi. Lekin bugungi kunda ko‘pchilik ota-onalarimiz farzand tarbiyalashda, uning maktabda, o‘z sinfdoshlari orasida faollardan biri bo‘lishiga yordam berishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Quyidagi 10 maslahat ana shunday ota-onalar uchun farzandlarining o‘z tengqurlari va do‘stlari orasida faol bo‘lishiga yordam bersa ajab emas. Maslahatlarimiz, ayniqsa, yosh ota-onalarga maktab yoshidagi farzandlarining o‘qishga, ta’lim olishga qiziqishlarini oshirishda foyda beradi deb umid qilamiz. Demak, boshladik.

1) Farzandingizning ustoz(lar)i bilan do‘stona aloqa o‘rnating. O‘quv yili boshlanishi bilanoq, farzandingiz sevib o‘qiydigan fanlar o‘qituvchisi va sinf rahbari bilan uchrashib, ularga bolajoningiz tarbiyasi uchun befarq bo‘lmagan ota-ona ekanligingizni bildirib qo‘ying. Uning o‘qish jarayonidagi kamchiliklari, qaysi fanlardan qiynalayotgani haqida albatta sizni ogohlantirib turishlarini iltimos qiling. Shuningdek, har chorakda o‘tkaziladigan ota-onalar majlisini o‘tkazib yubormang.

2) Farzandingizni maktabdagi faollik darajasini aniqlab oling. Agar farzandingizda o‘qish, yozish kabi jarayonlardan passivlik holati kuzatilsa, uning sinf rahbari va boshqa fan o‘qituvchilaridan qanday qilib yordam berish mumkinligini so‘rang. Uyalmang. Har bir o‘qituvchi past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi bilan alohida ishlashga majbur ekanligi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.

3) Uy vazifalarini birgalikda tayyorlang. Farzandingizni televizor, radio, kompyuter yoki telefon apparatidan xoli bo‘lgan joyda dars tayyorlashga o‘rgating. Mo‘jazgina darsxona yaratib berishga harakat qiling. Uni birgalikda bezash bolaning o‘sha xonada yanada ko‘proq ishlashiga olib keladi. Uyga vazifani tayyorlash jarayonida o‘sha vazifani o‘zingizni xuddi birinchi marta ko‘rib turgandek tuting.

4) Internet va kompyuter bilan hamjihatlikda ishlang. Internet bugungi kun shaxsiyatning eng yaqin yordamchilaridan biriga aylangan. Farzandingizni biror yangi mavzuni o‘rganishida va qabul qilishida foydasi tegadigan o‘yinlar, dasturlar internet olamida istaganingizdan-da ko‘p. Buning uchun esa rus tili yoki ingliz tilida to‘g‘ri so‘rov berish kifoya. Multfilmlar ularning jon-u dili. Ta’limga yo‘naltirilgan multfilmlarni esa internetdan xohlagancha topishingiz mumkin. Kerak bo‘lsa, ularning aynan kompyuter, planshet, mobil telefonlardan mustaqil foydalanishiga qo‘yib bering. Lekin, me’yorni saqlagan holda. Bola qancha texnika olamiga erta kirsa, aqliy qobiliyati shuncha tez rivojlanadi.

Quyidagi havolalar orqali bolajoningiz uchun foydali bo‘lgan, ularning aqliy qobiliyatini oshirishga yordam beruvchi o‘yin hamda boshqotirmalarni topishingiz mumkin:

  1. https://www.kitob.uz
  2. https://www.ziyonet.uz
  3. https://www.commonsensemedia.org/lists/best-android-apps-for-kids
  4. http://www.parents.com/fun/entertainment/gadgets/best-apps-for-preschoolers/#page=1
  5. http://www.pcadvisor.co.uk/test-centre/google-android/best-kids-apps-2016-best-apps-for-children-ipad-iphone-android-3464905/
  6. http://www.todaysparent.com/kids/technology/30-fun-and-safe-kids-websites/
  7. http://www.kidsites.com/

5) Bolangizda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni uyg‘oting. Farzandingizda o‘qishga bo‘lgan qiziqish uyg‘otishning eng samarali usuli bu o‘z kuchi bilan o‘qib, yutuqlarga erishgan va erishib kelayotgan kimnidir namuna qilib ko‘rsatishdir. Aytaylik, u amakisi yoki tog‘asi, akasi ham bo‘lishi mumkin. Bola ongida albatta uningday chiroyli kiyinib, mashinada yurish uchun albatta yaxshi o‘qish kerak ekan degan tasavvur uyg‘onadi. Lekin farzand uchun eng yaxshi namuna o‘zingiz.

6) Farzandingizning kitob, gazeta yoki jurnallar mutolaasiga qiziqishini oshiring. Aytaylik, bayramlar yoki boshqa muhim kunlarda unga kitob sovg‘a qilishni odat qiling. Qiziqishlaridan kelib chiqib sotib olib berilgan har qanday kitob muvaffaqqiyatingiz kalitidir. Agar qo‘lingizdan kelsa, kitobni toki o‘zi mustaqil o‘qiy olgunicha o‘qib berishga harakat qiling. Shaxsiy kutubxona uning ilk boyliklar to‘plami bo‘lishini tushuntiring.

Bundan tashqari, ularning yoshiga mos gazeta va jurnallarga ham obuna bo‘lishingiz mumkin. Quyida yurtimizda bolalar uchun nashr etiladigan ommabop gazeta va jurnallar, ularning yillik obunalari narxlari haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Gazetalar:

T/r Nomi Davriyligi Obuna narxi
1. «Bilag’on» Oyda ikki marta 30960 so‘m
2. «Shirintoy» Oyda bir marta 24570 so‘m
3. «Bolajon» Oyda bir marta 24570 so‘m
4. «Bolalar.Uz» Oyda bir marta 16920 so‘m
5. «Bulbulcha» Oyda ikki marta 27670 so‘m
6. «Kitob dunyosi» Oyda ikki marta 62796 so‘m
7. «Madi – bolajon Haftada bir marta 84240 so‘m
8. «Tong yulduzi» Haftada bir marta 16896 so‘m

Jurnallar:

T/r Nomi Davriyligi Obuna narxi
1. «Baxtli bolajon» Oyda bir marta 77412 so‘m
2. «Jajji akademik» Oyda ikki marta 60 000 so‘m(+ yetkazish xarajatlari)
3.  «Bilimdon» Oyda ikki marta 56688 so‘m
4.  «Gulxan» Oyda bir marta 16032 so‘m
5.  «Dono word» Oyda ikki marta 56724 so‘m
6.  «Znayka» Oyda ikki marta 57192 so‘m
7.  «Exellent» Oyda bir marta 116292 so‘m
8.  «Erkatoy» Oyda  bir marta 38316 so‘m
9.  «G’uncha» Oyda bir marta 11256 so‘m
10.  «Bolalar dunyosi» Oyda ikki marta 40000 so‘m

7) Farzandingizning kimlar bilan do‘st tutingani bilan qiziqing. Har qanday bola o‘z xarakteriga mos do‘st topishni harakatida bo‘ladi. Aytaylik, o‘g‘lingiz biroz dangasaroq yoki o‘yinqaroq. Ana shunday bolalardan ikkita bo‘lsa tasavvur qilavering. Iloji boricha ko‘proq farzandingizni zehni o‘tkir bolalar safiga qo‘shishga harakat qiling. Falonchi bilan do‘stlashsang, undan ko‘p narsa o‘rganasan, o‘qishlaring ham olg‘a siljiydi qabilidagi gaplarni uning ongiga singdirib boring.

8) Har kuni farzandingiz maktabdan qaytgach, kun qanday o‘tgani, nima dars bo‘lgani, qanday mavzularni o‘rgangani, nimadan ko‘ngli to‘lgani-yu, nimadan norozi bo‘lgani haqida suhbatlashing. Suhbat jarayonida sodir bo‘lgan yaxshi va yomon ishlarga o‘z xulosangizni berishga erinmang. Ota-ona bilan qaysidir mavzuda bo‘lib o‘tadigan atigi besh daqiqalik suhbat bola ongida o‘sha jarayonni yanada ko‘proq mushohada qilinishiga olib keladi.

9) Shaxsiy kundalik tutishiga odatlantiring. Maktabning ilk kunidanoq farzandingizga ko‘pvaraqli daftar sovg‘a qiling. Dastlabki bir oyda uni yuritishga o‘zingiz yordamlashing. Farzandingiz uning yordamida yaxshi kunni yomonidan, qayg‘uli kunni xursandchilik bilan o‘tgan kundan farqlashni o‘rganadi. Bu usul bolada yozma nutqni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, unga hech kimga aytolmaydigan sirlarini mana shu kundaligiga bitishi mumkinligini, uni o‘zi istagan joyda saqlashi mumkinligini ham tushuntiring.

10) Sovg‘alar bilan taqdirlab turing. Yoshidan, fe’l-atvoridan qat’iy nazar inson doimo sovg‘a olishni yoqtiradi. Bolajonlar uchun ham biror bir jarayon davomida erishgan yutug‘iga nisbatan berilgan sovg‘a ularning yanada ko‘proq izlanishiga sabab bo‘ladi. Masalan, hafta davomida nechta baho olishiga qarab yakshanba kuni hayvonot bog‘i yoki sirkka olib borishni va’da bering. Xayolingizga bu usul bolani faqatgina manfaat uchungina o‘qishga o‘rgatmaydimi degan o‘y kelgandir-a?! Aslo unday emas. Bola o‘z kuchi va bilimidan kelib chiqib mukofotni qo‘lga kiritish uchun harakat qiladi, tirishadi. Demak, qaysidir ma’noda  bu usul bolada qandaydir muvaffaqiyatga mustaqil erishish instinktini shakllantiradi.

Farzand tarbiyasi — nozik masala. Necha zamonlardan beri shoh-u gadoni ham, yosh-u qarini ham, mehnatkash-u bekorchini ham ko‘proq mushohada qilishga, sidqidildan shug‘ullanishga undab kelmoqda. Yurtimizning kelajagi, farovonligi farzandi tarbiyasi xususida qayg‘uradigan ota-onalarga bog‘liq! Yuqoridagi maslahatlardan unumli foydalanishingizga umid qilamiz.

Manba: Tafsilot.uz