Salomatlik

Farzandingiz dori ichishni istamaydimi?

Uncha-buncha shamollashni «qo‘y yog‘i» bilan davolaydigan zamonlar o‘tib ketdi. Hozirgi onalar juda ta’sirchan. Farzandining joni bir daqiqa ham qiynalmasligini, kasali tezroq tuzalishini va chopqillab yurishini istashadi. Buning yomon tomoni yo‘g‘-u, lekin ba’zan tezroq tuzataman deb dorilarga ruju qo‘yish va ularni pala-partish bolaga berish holatlari ham uchrab turadi-da. Bu esa foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi. Quyida kichkintoylarni zamonaviy dori-darmonlar bilan davolash me’yorlari haqida so‘z yuritamiz.

Faqat shifokor tavsiyasi bilan!

Dorilarning ta’siri haqida yaxshi bilmay turib ularni bolaga bermang, xato qilib qo‘yishingiz mumkin. Masalan, farzandingiz yo‘talayapti. Siz kamroq yo‘talsin deb antigistamin preparatlar ichirasiz. Ammo go‘dakning bronxlarida ko‘p miqdordagi shilimshiq bor va u faqat yo‘tal vositasidagina ko‘chadi. Siz noto‘g‘ri dori berib, bu shilimshiqning ko‘chmay yig‘ilib qolishiga imkon yaratasiz. Natijada, kasallik avj oladi. Shu sababli dorini faqat shifokor belgilashi mumkinligini unutmang.

Me’yorni unutmang!

Me’yorni oshirib yuborish juda oson. Masalan, isitmasi chiqib, a’zoi badani qaqshayotgan bolaga haroratni tushirish uchun dori berdingiz va yana og‘riqni qoldirish uchun shamchalardan ham foydalandingiz. Preparatlarning yo‘riqnomasida yozilgan miqdorga qat’iy amal qilgan bo‘lsangiz ham, me’yorni kamida ikki barobar oshirib yuborganingizni bilasizmi? Gap shundaki, nomi turlicha bo‘lgani bilan, bu dorilar bitta isitma tushiruvchi modda asosida ishlab chiqarilgan.

Ehtiyot bo‘ling, zararli!

Bolaga dori belgilashda mutaxassis nafaqat uning shifobaxsh xususiyati, balki nojo‘ya ta’sirlari, boshqa dorilar bilan mutanosibligini ham e’tiborga oladi. Bola gripp yoki suvchechak bilan og‘riyaptimi? Uyingizda aspirindan boshqa isitma tushiruvchi vosita bo‘lmasa ham, undan aslo foydalana ko‘rmang. Chunki atsetilsalitsil kislota ta’sirida bolaning qonidagi qand miqdori keskin tushib ketishi, qon ketishi va hatto Rey sindromi kabi og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bu preparatni bolalarda qo‘llashni tavsiya etmaydi. Xuddi shunday, analginni ham. Shifokorlar uni juda ilojsiz qolgan holatda faqat dimedrol bilan aralashma holida yonboshga emlash uchun ruxsat etishadi. Ammo analgin tabletkalarini kichkintoyga aslo berib bo‘lmaydi.

Suspenziya, tabletka, sirop...

Dorilarning turli shakllarda tavsiya etilishi ham pediatr bilan maslahatlashishni taqozo etadi. Ayrim isitma tushiruvchi vositalar rektal shamchalar shaklida bo‘ladi. Boshqalari esa sirop, kukun, shirin tabletkalar shakllarida bo‘lishi mumkin. Bularning har biri turli yoshdagi bolalarga qo‘llashni osonlashtirish maqsadida o‘ylab topilgan. Aynan sizning farzandingiz uchun qaysi shakldagi dori vositasi to‘g‘ri kelishini shifokordan so‘rab biling. Chunki dorining naqadar to‘g‘ri va tez ta’sir etishi aynan shunga bog‘liq. Masalan, sirop yoki tomchilar tezroq ta’sir qiladi, ammo bu ta’sir shamchalarga qaraganda kamroq davom etadi. Shuning uchun kunduz kuni bir shakl, kecha uchun esa boshqasini tanlash kerak bo‘lishi mumkin. Buni mutaxassis to‘g‘ri belgilaydi.

Achchiq dori bo‘lsa...

Onalar bolani aldash uchun achchiq tabletkalarni shirin konfet yoki novvot choy bilan beradilar. Ko‘pincha tabletkani mayda bo‘laklarga bo‘lishga to‘g‘ri keladi, chunki hamma dorilarning ham bolalar uchun mo‘ljallangan miqdorini topish qiyin. Ammo bunday qilish yaramaydi. Birinchidan, tabletkani teng 3 yoki 5 bo‘lakka bo‘lishga har doim ham muvaffaq bo‘la olmaysiz. Ikkinchidan, tabletkalarning butunligini buzish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, bolaning tishlariga yomon ta’sir qilish ehtimoli bor. Uchinchidan, dorini murabbo, shirin choy yoki konfetning ichiga joylab berganingizda, uning foydali ta’sirini sezilarli darajada yo‘qqa chiqarishingiz mumkin.

Muolajaga sabab bormi?

Ko‘pincha onalar farzandlariga jiddiy sabab bo‘lmasa ham, dori beraverishadi. Agar bolaning harorati o‘ttiz yetti-o‘ttiz yetti yarim, ahvoli esa qoniqarli bo‘lib, avvallari talvasa (sudoroga) holati kuzatilmagan bo‘lsa, haroratni tushiradigan vositalar kerak emas! Tana infeksiyalar bilan faolroq kurashish uchun haroratini ko‘taradi. Hech qanday asossiz haroratni tushirish orqali siz kasallikning yanada cho‘zilib ketishi va asoratlar paydo bo‘lish ehtimolining ortishiga yordam berasiz.

Hech qachon bolaga antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan bermang! Ular viruslarga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun gripp, ORVI, qizamiq, qizilcha yoki tepkini antibiotiklar bilan o‘z bilganingizcha davolay olmaysiz. Bolaning ahvolini yanada og‘irlashtirasiz, xolos.

Oliy toifali shifokor-pediatr Nigora Abrorova tavsiyalari asosida Shahnoza SOATOVA tayyorladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi