Bog‘cha yoshi

Farzandingiz ko‘p kasal bo‘lmasin, desangiz…

Boshqa onalar va buvilar bilan muloqot qilib, farzandlar haqida suhbatlashganda ayrim bolalar tez-tez kasal bo‘lib turishi, boshqalari esa deyarli umuman xastalikka chalinmasligi ma’lum bo‘ladi. Bolalar orasida kimdir shamollashni yengil o‘tkazib yuborsa, yana kimdir bir kasallikdan tuzalib ulgurmay, ikkinchisiga yo‘liqadi. Buning sababi nimada va bolalarimiz kasal bo‘lmasligi uchun qanday yo‘l tutish kerak?

Bolalarning shamollashi sabablarini ota-onalar ko‘pincha ularning sovqotganligi yoki sayr chog‘ida terlab ketganligi bilan bog‘laydi. Haqiqatan ham shundaymikin?

Biz bu borada mutaxassisga murojaat qildik. Toshkentning Yunusobod tumanidagi 51-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Salimova Nargiza Ergashmurodovna so‘zlariga ko‘ra, sovqotishning o‘zigina shamollash kasalliklarini keltirib chiqarmaydi, u bolalar organizmining virusli infeksiyaga ta’sirchanligini oshiradi xolos. Ya’ni tez shamollaydigan bolalarda immunitet past bo‘ladi. Ularning kasallikka chalinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun immunitetni oshirish zarur.

b53929cc8146f680436e25462d2e2062

Immunitet — organizmning begona mikroorganizmlar va hujayralar ta’siriga nisbatan himoya reaksiyasi. Kuyish, sovqotish, qon yo‘qotish, yaxshi ovqatlanmaslik, travma kabi holatlarda immunitet zaiflashishi mumkin.

Xo‘sh, immunitetni qanday oshirish mumkin? Biz dastlab yosh onalar bu borada qanday usullardan foydalanishi haqida qiziqdik.

Shahribonu Shavkatova, uy bekasi (farzandi 1 yoshda):

“Bolaning immunitetini kuchaytirish uchun avvalo uni chiniqtirishga e’tibor berish kerak, deb o‘ylayman. Shuning uchun farzandimni yozda har kuni, qishda haftada kamida ikki marta cho‘miltirib turaman. Bundan tashqari, uning ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratib, uni vitaminga boy mahsulotlar, masalan, meva-chevalar bilan boyitishga harakat qilaman”.

Komila Tangirova, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchisi (farzandi 4 yoshda):

“Farzandimning immunitetini oshirishda uning ovqatlanish sifatiga alohida e’tibor qarataman: sabzavot va mevalarni doimiy tarzda yedirib turaman. Bundan tashqari, xalq tabobatidan kelib chiqib, turli qaynatma va qiyomlar tayyorlayman va ularni ham farzandimga ichirib turaman”.

15

Umumiy amaliyot shifokori Salimova Nargiza Ergashmurodovna esa mutaxassis sifatida bolalar immunitetini oshirish borasida o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishdi:

  1. Uyni tez-tez shamollatib turish

Toza havo bola organizmini kislorod bilan boyitadi. Bundan tashqari, shu yo‘l bilan uydagi harorat va namlik darajasi tartibga tushadi.

  1. Har kuni 2—3 soat sayr qilish

19

Faqat qahraton sovuq havodagina ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi. Qolgan paytlarda ochiq havoda sayr qilish ishtahani va uyquni yaxshilaydi.

  1. Rejimga rioya qilish

Har bir narsada rejim bo‘lishi kerak. Har kuni bir vaqtda ovqatlanish, sayrga chiqish, uxlash zarur.

  1. Haddan ko‘p ovqat yemaslik

Me’yordan ortiq ovqat — rivojlanayotgan organizm uchun og‘ir yuk. Har narsa o‘z me’yorida bo‘lishi zarur, aks holda bola immuniteti xavfli tashqi ta’sirlarga qarshi kurashish o‘rniga ortiqcha kaloriyalarga qarshi kurashish bilan band bo‘ladi.

  1. Jismoniy faollik

db75602c35b148195047be4fba0fabf4

Ochiq havoda o‘yinlar o‘ynash, samokatda uchish kabi bir qarashda oddiy ko‘ringan harakatlar bola immunitetiga katta ta’sir o‘tkazadi. Imkoniyat bo‘lsa, eng foydali sport turi — basseynda suzish bilan shug‘ullanish zarur.

Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bolalarning sog‘lig‘i, avvalo, ota-onalarning ularga alohida e’tibor qaratib, ularning kun tartibi va ovqatlanish ratsionini to‘g‘ri tashkil eta olishiga bog‘liq ekan.