Tarbiya

Farzandlar ahil bo‘lib o‘sishi uchun qanday yo‘l tutish kerak?

Ko‘p farzandli oilalarda nizo, raqobat, qizg‘anish muammolari tez-tez uchraydi.  Bunday paytda ota-ona ularning jim bo‘lishini talab qilib, dakki berib qo‘yishi yetarli emas. Farzandlar o‘zaro ahil, inoq bo‘lib o‘sishi uchun kattalardan ko‘proq kuch va e’tibor talab etiladi.

Xo‘sh, farzandlar o‘rtasida ahillikni yuzaga keltirish uchun ota-ona nima qilishi mumkin?

Keling, bu borada dastlab ota-onalarning fikrlariga quloq tutamiz.

Manzura Jo‘rayeva, 5, 3 yoshli va 7 oylik uch nafar farzandning onasi

“To‘ng‘ich va o‘rtancha qizlarim ko‘pincha bitta o‘yinchoqqa talashib qoladi, bunday paytda to‘ng‘ichiga uning katta ekanligi, singlisi hali ko‘p narsani tushunmasligini aytaman. Qizig‘i, o‘rtancha qizim ko‘p narsada opasidan o‘rnak oladi, opasi nima qilsa, shuni qiladi. Ularning ahil bo‘lishida tarbiyaning ahamiyati katta deb hisoblayman, shuning uchun tez-tez tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazib turaman, o‘zlarini yomon tutgan paytda jazolab ham turaman.”

Foto 2

Bu borada psixologlar qanday tavsiyalar beradi?

  • Har bir bolaning individualligini tan olish va qabul qila bilish lozim. Bir oilaning o‘zida ham bolalar turli temperament, did va qiziqishlarga ega bo‘lishi mumkin. Bularning barchasini farzandlaringizda ko‘ra bilishingiz va tan olishingiz lozim.
  • Kundalik hayotda farzandlarni yoshi bo‘yicha ajratib, kichigi yoki kattasiga yon bosmang.
  • Katta farzandingizni kichigi uchun javobgar qilmang. “Ukangga yon bos, kattasan axir” kabi buyruqlarni oddiy hollarda qo‘llash tavsiya etilmaydi, ulardan janjalli hollardagina foydalaning.
  • Farzandlaringizga bir-birini namuna qilib ko‘rsatmang. Bolani faqat o‘z-o‘zi bilan qiyoslash zarur (masalan, avval qanaqa edi, hozir qanday, ertaga qanday bo‘lishi mumkin).
  • Agar janjal yoki yomon ish sababchisi aniqlanmasa, bolalarning barchasini birdek jazolang yoki jazosiz qoldiring.
  • Mehr yoki do‘stona hissiyotlarni mustahkamlash uchun bolalarga har qanday yo‘llar bilan oilaviy birdamlik tuyg‘usini singdiring, ularning bir oila a’zolari ekanligini bildiring. Xulq-atvor qoidalarini tushuntirishda gapni “Bizning oilada…” qabilida boshlang, masalan, “Bizning oilada hech kim bir-biri bilan janjallashmaydi”.
  • Bolalarni bir-biri bilan muomala qilishga o‘rgating. Birgalikda qanday o‘ynash, bahsni qanday hal etish, biror narsani qanday so‘rash, qanday taklif qilish, qanday yordam berish va yordamni qanday qabul qilish, bularni qanday gaplar bilan bildirish — bularning barchasini o‘rgatish va bunday vaziyatlarda yo‘l ko‘rsatish zarur.
  • Bolalarni o‘zaro kelishib olishga o‘rgating. Ularga bahsni musht bilan emas, so‘zlar yordamida hal etish lozimligini tushuntiring.
  • Nizo uchun sharoit yaratmaslikka harakat qiling. Bolalarning diqqatini boshqa narsalarga jalb qilib, ular o‘rtasidagi kelishmovchilikning oldini oling. Masalan, farzandlaringiz sayrga chiqqanda o‘yinchoqqa talashib qolmasligi uchun, ko‘chaga chiqishdan avval ularning har biri o‘zining sevimli o‘yinchog‘ini olib olishiga ruxsat bering.
  • Bolalar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantiring. Buning uchun bolalarga bir jamoa bo‘lib ishlash talab etiladigan majburiyatlarni yuklang.