Homiladorlik

Homiladorlarning yozgi muammolari

Vujudingizda mitti yurakchaning ovoz berib urayotganini his qilishingiz hamon hayot tarzingiz o‘zgara boshlaydi. Endi siz kichkintoyni va o‘z salomatligingizni asrashga harakat qilasiz. Bunda nafaqat ish sharoitingiz, uy yumushlarini, balki fasllarni ham inobatga olishni unutmang. Masalan, yozda bo‘lajak onalarimizni oyoq shishishi, chanqoq kabi muammolar qiynaydi. Keling, ularga birga yechim izlaymiz.

Choymi yoki suv?

Jazirama homiladorlarni ancha qiynab qo‘yadi. Ko‘p suyuqlik ichsa, oyoqlar shishadi, ichmay desangiz, tashnalik yomon. Xo‘sh, endi nima qilamiz?

Ichimlik masalasida miqdor emas, sifat muhim ekanligini unutmang. Kvas, kompot, shirin gazli ichimliklar, qadoqlangan sharbatlar bo‘lajak ona uchun yaxshi tanlov emas. Negaki, bu ichimliklar chanqoqni bosmaydi, ular oyoqlarga «joylashib oladi» xolos. Homiladorlar uchun eng afzal ichimlik — gazlanmagan suv va ko‘k choy. Qahvani esa bolangizni eson-omon bag‘ringizga bosib, uni ko‘krak suti bilan boqib bo‘lgunga qadar asrab qo‘yishni tavsiya qilamiz.

  • Ichimlikni tez-tez, ammo kam-kamdan iching. Mors, qandsiz choy ham zarar qilmaydi. Ichimliklarni o‘tirib iching. Aks holda, suv quvurdan o‘tgandek «oqib ketadi». Natijada oshqozon va ichaklar devori suvga to‘yinmay, yana chanqoq bosh ko‘taradi.
  • Ichilayotgan suv chanqoqni to‘laqonli bosishi uchun u xona haroratida bo‘lishi lozim.
  • Ba’zi meva va sabzavotlar ham chanqoqbosdi sanaladi. Masalan, olma, limon, bodring, gilos kabilar.
  • Meva va sabzavotlarni qirg‘ichdan o‘tkazib, iste’mol qilsangiz, ulardagi foydali moddalar qonga to‘liq singib, kichkintoyni yaxshi oziqlantiradi.
  • Ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qiling. Tuzni kamaytiring.
  • Ba’zan oyoq shishishidan xalos bo‘lishda dengiz tuzi qo‘shilgan sovuq vannachalar yordam beradi. Ammo uy sharoitida bajariladigan har qanday muolajalar haqida davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashish zarur.
  • Darvoqe, bu choralar oyoq og‘rishida ham yordam beradi. Ammo oyoq og‘rishi tomirlar varikoz kengayishi va kalsiy yetishmasligi alomati bo‘lishi mumkin. Shifokorga uchraganingizda bu haqda aytishni unutmang.

Oyog‘im shishmasin, desangiz...

Homiladorlikda oyoq shishishi faqatgina ichayotgan suvga bog‘liq emas. Issiqda qon tomirlarininng kengayishi hamda buyrakda o‘zgarishlar yuz berishi hisobiga ham oyoqlar shishadi. Bunday bo‘lmasligi uchun oyoqlarni nam mato bilan artib turish yoki suv bilan yengil paypaslab olish tavsiya etiladi. Agarda stulda ko‘p o‘tirishga to‘g‘ri kelsa, oyoq ostiga biror narsa qo‘yib oling. Shuningdek, oyoqlar holatini tez-tez o‘zgartirib turish, uqalash ham yaxshi yordam beradi. Imkon topsangiz, oyoqlarni biroz balandroq ko‘tarib, dam oling.

Uyquchilik — yaxshimi yo yomon?

Bilamizki, homiladorlik davrida ayol organizmida ko‘p quvvatni talab etuvchi o‘zgarishlar ro‘y beradi. Shu tufayli ayol o‘zini xorg‘in sezadi, uni uyqu elita boshlaydi. Ayniqsa, jaziramada salqingina xonaga kirsayu, biroz uxlab olsa. Buni organizmning quvvat to‘plash va o‘zini o‘zi saqlash dasturi, desak ham bo‘ladi. Shu sababli homiladorlar kerakligicha uxlashlari lozim. To‘g‘ri, ba’zan qaynonangizdan xijolat bo‘lib yoki ish sababli kunduzi uxlab olishga imkon bo‘lmaydi. Ammo uyqu «reja»sini topshirmas ekansiz, homilaga ham, o‘zingizga ham ziyon yetkazib qo‘yishingiz mumkin. Sizga maslahatimiz:

tungi uyqu 8 soatdan kam bo‘lmasin;

imkon qadar soat 22:00 da uxlashga odatlaning;

kunduzshi 1-2 soatlik uyqu organizmga quvvat beradi;

xonani tez-tez shamollatib turing;

qorong‘i xonada uxlang;

ko‘proq ochiq havoda sayr qiling;

hovuzda cho‘miling yoki iliq dush qabul qiling.

Maslahatimizga quloq tuting va yozni «og‘ir bo‘lmay» o‘tkazib oling.

Oliy toifali ginekolog Hulkar RAVShANOVA tavsiyalari asosida Kamola ShAROFZODA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz