Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 42-hafta

Bu rekord muddat hisoblanadi. Homiladorlikning 42-haftasigacha ayollarning 10 foizigina yetib boradi. Agar siz ularning safidan joy olgan bo‘lsangiz, qo‘rqmang.

Birinchidan, 42-hafta — hali muddatidan ko‘p ko‘tarilgan homiladorlik emas, ikkinchidan esa, sizning homiladorlik muddatingiz shunchaki noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lishi mumkin.

Bola o‘zini qanday his qilmoqda?

Bola o‘smoqda, so‘nggi haftalar ichida u yana bir santimetrga o‘sgan va qo‘shimcha 500 gramm vazn to‘plagan bo‘lishi mumkin. Hammasi yaxshi, ammo yirik homilaning tug‘ruq yo‘lidan o‘tishi qiyinroq va sekinroq bo‘ladi.

Skelet suyak bo‘lib qotishda davom etadi, bosh miya ancha qotadi, bu to‘lg‘oq davrini uzaytirishi, tug‘ish jarayonini cho‘zishi, hatto, chaqaloqqa tug‘ruq chog‘ida shikast yetishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bolaning tirnoqlari, sochi ancha o‘sib qolgan. Uning ko‘zlari ochiq, u yana faollashadi.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda?

Homila chindan ham qorinda uzoq qolib ketmasligi uchun, ushbu muddatda muntazam tibbiy kuzatuv ostida bo‘lib turishingiz shart.

Dopplerografiyali ultratovushli tekshiruv, puls tekshiruvi, amnioskopiya homila, yo‘ldosh, qog‘onoq suvining ahvolini juda batafsil tarzda o‘rganish imkonini beradi, me’yordan chekinish bo‘yicha har qanday belgi sezilsa, ona kasalxonaga yotqiziladi.

Agar siz homiladorlik o‘z yakuniga yetishini xotirjamlik bilan kutayotgan bo‘lsangiz, unda imkoniyatga qarab ko‘proq sayr qilishda davom eting, sokin musiqa ostida dam oling, o‘z farzandingizni bag‘ringizga bosadigan lahzani quvonch bilan tasavvur qiling.

Tabiatga ko‘maklashib yuborish

O‘z-o‘zida dard paydo qilishning turli va oddiy usullari mavjud. Agar siz ona tabiatga yordamlashib yuborish uchun qat’iyatga to‘la bo‘lsangiz, buni amalga oshiring.

Boldir suyagi bilan tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘indan 4 santimetr yuqorida joylashgan nuqtani turli burchaklar ostida bosib ko‘rishingiz mumkin. Bosish soni va vaqti — 10—15 soniyadan uch marta, bosh yoki ko‘rsatkich barmoqlarni ishlatgan ma’qul.

Klizma va kanakunjut moyi ham yordam berishi mumkin. Ichakning bo‘shashi va qisqarishi bachadonning yumshashiga imkon yaratadi.

Bola sog‘lomgina bo‘ladi

42 va 44-haftalar oralig‘ida tug‘ilgan bolalarning 95 foizi salomatlik bilan bog‘liq hech qanday muammolarni his qilmaydi. Ammo qorinda muddatidan ko‘p qolib ketish , albatta, muayyan xavflarga ega. Homiladorlikning 42-haftasidan keyin yo‘ldosh shunchaki qarish bilan chegaralanmaydi, u allaqachon qarib qolgan, bu bolaning to‘liq oziqlanishini yomonlashtiradi va gipoksiya (kislorod yetishmasligi)ni keltirib chiqaradi.

Kislorod tanqisligi tufayli, homila reflektorli ravishda birinchi axlatni qog‘onoq suviga chiqaradi. Suv bilan birga mekoniyni yutgach, bola o‘zining mustaqil nafas olish imkoniyatini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Tibbiy terminologiyada ushbu hodisa mekoniy aspiratsiyasi sindromi deb ataladi hamda chaqaloqning o‘pkalarini ventilyasiya qilish va antibakterial terapiya o‘tkazishni talab qiladi.

Ammo bularning barchasi chindan ham muddatidan uzoq davom etgan homiladorlik oqibatlaridir. Sizda esa 42-hafta endigina boshlandi. Va siz o‘z salomatligingizni diqqat bilan nazorat qilmoqdasiz, shuning o‘zi ham sog‘lom bola tug‘ilishi uchun ba’zi kafolatlarni beradi, hech qanday asoratlarsiz.