Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta

Ushbu homiladorlik taqvimi sizga homiladorlikning barcha bosqichlariga xos alohida xususiyatlarni ochib beradi. Maqolalar ketma-ketligida bo‘lajak farzandingiz va sizning organizmingizda 40 haftaning har biri davomida nimalar sodir bo‘lishini o‘qib olishingiz mumkin.

Birinchi hafta

Akusherlikda homiladorlik muddati so‘nggi hayzning birinchi kunidan boshlab hisoblanadi. Bunday hisob turi ovulyasiyaning aniq kunini, demakki, bo‘yida bo‘lishning birinchi kunini aniqlash qiyin ekanligi tufayli qabul qilingan. Agar homiladorlik muddatini “akusherlik” uslubi bilan hisoblaydigan bo‘lsak, unda birinchi haftada hali hech qanday homila bo‘lmaydi, demakki, homiladorlikni birinchi haftada aniqlash mumkin emas.

Aslida ovulyasiya ayol kishida siklning 12—14-kunida sodir bo‘ladi: yetilgan tuxumhujayra urug‘lanishga tayyorlanib, follikuldan chiqadi. Ammo ovulyasiya ayol organizmining o‘ziga xos jihatlari va sikl davomiyligiga qarab, siklning 7—8-kunida ham, 20—21-kunida ham yuz berishi mumkin. Shu tariqa, homiladorlikning birinchi haftasi akusher-ginekologlar tomonidan nazariy jihatdan hisoblanadi.

Homiladorlikning birinchi haftasida nimalar sodir bo‘ladi

Shunisi hayratlanarliki, urug‘lanish va homilaning keyingi rivojlanishi uchun tayyorgarlik tuxumhujayra shakllanishi bosqichidayoq boshlanadi: ayolning gormonal holati, asab tizimi o‘zgarishi va boshqalar har bir sikl davomida kuzatiladi.

Birinchi haftadagi homiladorlik belgilari

Ertalabki ko‘ngil aynishi, ovqat hidlarini yoki sevimli atir iforini ko‘tara olmaslik kabi aniq-ravshan belgilar haqida gapirishga hali erta. Biroq homiladorlikning birinchi haftasida ajralmalar ba’zan qayd etiladi, ammo vahima qilish kerak emas — bu xavfsiz va mutlaqo joiz.

Homiladorlik testi, albatta salbiy natija ko‘rsatadi. Testda sezilar-sezilmas ikkinchi chiziqcha kamida 10—12 kundan so‘ng paydo bo‘ladi.