Salomatlik

Kichkina oyoqchaning katta tashvishlari​ yoki bolalardagi ortopedik muammolar haqida

Aksar ota-onalar bola ilk qadamlarini poyabzal bosgani ma’qul deb hisoblaydi. Go‘dakning oyoqlarida muammo bo‘lmagandagina yalang oyoq yurish muskullarni rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Biroq tashqi (muzdek pol, issiq asfalt, o‘tkir qirrali toshlar va b.) hamda ichki (organizm, salomatlik bilan bog‘liq muammolar) omillar yalang oyoq yurish imkoniyatini bermasa, to‘g‘ri poyabzaldan foydalangan ma’qul. Ular oyoq kaftini sog‘lom rivojlantirishga yordam beradi.

Bolaning oyoq kafti 5-6 yoshiga qadar rivojlanadi. Aynan mana shu davr ichida sog‘lom oyoqlarni «tarbiyalash» imkoniyati katta bo‘ladi. Chunki vaqt o‘tgani sari suyaklar mustahkamlanib, jiddiy davolash usullarini talab etadi.

Yassi oyoqlilik: qachon va qanday aniqlanadi?

Yassi oyoqlilik tug‘ma, raxitning asorati, falajlik, bolaning o‘z tana og‘irligini ko‘tara olmasligi, erta yurish, jarohat oqibati bo‘lishi mumkin. Tug‘ma yassi oyoqlilik kam uchraydigan holat.

3-4 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yassi oyoqlilik fiziologik holat sanaladi. Bolaning yoshi kattalashgach, o‘tib ketishi mumkin. Oyoq mushaklarini mustahkamlash va yassi oyoqlilikning oldini olish uchun ko‘proq tuproq, qumda yalang oyoq yurish lozim. Bolalarga ortopedik poyabzalni faqat ortoped shifokorning tavsiyasi bilan maxsus tekshirish usullari, masalan, kompyuter-plantografiyasidan so‘ng buyuriladi. Ortopedik poyabzalni sog‘lom bolalarga shifokor tavsiyasisiz kiydirmagan ma’qul. Chunki u bolaning oyog‘ini og‘ritishi, kichkintoyga og‘irlik qilish ehtimoli bor.

Ortopedik poyabzal qanday bo‘lishi kerak?

Haqiqiy ortopedik poyabzalning ichki qismiga supinatorli charm patak yopishtirilgan bo‘ladi. Aynan shu supinator oyoq kafti yassilanib qolishining oldini oluvchi va davolovchi vosita hisoblanadi. Supinator bola oyog‘ini jismonanan to‘g‘ri joylashishini ta’minlaydigan poyabzalning tag charmi yonboshidagi do‘nglik hisoblanadi. Sifatli ortopedik poyabzala tabiiy charm va nubukdan foydalaniladi. Ular sun’iy materiallarga qaraganda egiluvchanligi, namlikni tez bug‘lanishi va havoni yaxshi aylantirishi bilan ajralib turadi. Ba’zida poyabzalning o‘rniga patak-supinatorning o‘z tavsiya etiladi. Buning afzal jihati shundaki, istalgan oyoq kiyim ichiga bu patakni solish va olib tashlash imkoniyati bor.

Ortopedik poyabzalning o‘zi bilan kasallikdan butunlay xalos bo‘lish qiyin. U profilaktik davolash usuli, xolos. Shunga qaramay, uning ishtirokisiz davolash choralarini ko‘rib bo‘lmaydi. Qo‘shimcha uqalash va ba’zi fizioterapiya muolajalarini qabl qilish lozim.

Qayerdan olish mumkin?

Ortopedik poyabzallar buyurtma asosida tayyorlatiladi. Buyurtma berishga borganda ortoped xulosasi va bolaning o‘zi bo‘lishi shart. Buyurtma poyabzallarning qulayligi shundaki, uning andozasi, rangi, tagcharmini tanlash mumkin. Avvaliga yarim narxi to‘lanadi. Oyoq kiyim tayyor bo‘lganida mijoz farzandi bilan birga chaqiriladi, qayta o‘lchab ko‘riladi. Muammo bo‘lmasa, to‘lovning ikkinchi yarmi amalga oshiriladi. Ortopedik poyabzal bolaning oyoq o‘lchamiga mos bo‘lishi etiladi. Kichik yoki katta o‘lchamdagi ortopedik poyabzalning hech qanday foydasi bo‘lmaydi. Uni qancha muddat kiyib yurish bolaning holatiga ko‘ra belgilanadi. Lekin shifokor-ortopedlarning fikriga ko‘ra, 7 yoshgacha kiydirgan ma’qul.

Shuningdek, ortopedik poyabzal...

 

  • Bir yoshga yetmay turib yurib ketgan;
  • Vazni og‘ir;
  • Tez-tez kasal bo‘ladigan, holsiz bolalarga tavsiya etiladi.

 

Oliy toifali shifokor, travmatolog-ortoped Rustam QOBILOV tavsiyalari asosida Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz