Chaqaloq

Ko‘krak sutini uy sharoitida ko‘paytirish yo‘llari

Emizish ona uchun ham, chaqaloq uchun ham mas’uliyatli davr hisoblanadi. Ba’zan yosh onalar ko‘krak suti bilan oziqlanayotgan farzandi yaxshi vazn olmayotgani va injiqlik qilayotgani bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. Bu ona parhezining buzilishi yoki shunchaki sut yetishmayotganidan darak berishi mumkin. Aynan shu paytda onalar qarshisida bola sutga to‘yishi va boshqa turli aralashmalar bilan qo‘shimcha ovqatlantirishga hojat qolmasligi uchun ko‘krak sutini qanday ko‘paytirish muammosi paydo bo‘ladi.

Laktatsiya va emizikli onaning taomnomasi

Birinchi navbatda emizikli onaning hayot tarzi va uning ratsionidagi mahsulotlarga e’tibor qaratish kerak. Bir kunlik taomnomaga quyidagilar albatta kirishi kerak:

  • go‘sht (parranda go‘shti, baliq);
  • sut yoki qatiq mahsulotlari (1 litr);
  • tvorog (100 gramm);
  • pishloq (30 gramm);
  • sabzavotlar (500 gramm);
  • mevalar (300 gramm);
  • saryog‘ (20 gramm);
  • o‘simlik yog‘i (25 gramm).

Quyidagilarni esa iste’mol qilmagan ma’qul:

  • uglevodlarga boy mahsulotlar (shakar, non, qandolat mahsulotlari — bularni ko‘p miqdorda yeyish kerak emas);
  • har qanday alkogol ichimliklari;
  • allergen mahsulotlar: shokolad, qahva, yong‘oqlar, ikra, sitrus mevalar;
  • achchiq ziravorlar va qo‘shimchalar (piyoz, sarimsoq piyoz, qalampir).

Ko‘krak sutini xalq tabobati orqali ko‘paytirish

Haqiqatan yordam berishi mumkin bo‘lgan bir nechta usullar mavjud.

  1. Ko‘proq suyuqlik ichish

Bunda turli o‘tlardan tayyorlangan vitaminli ichimliklar tavsiya etiladi. Zira, arpabodiyon, shivit, qichitqi o‘t kabilar laktatsiyani yaxshilaydi.

Masalan, 15 gramm zirani olib, uni qaynab turgan bir litr suvga solib, bo‘laklangan bitta limon va shakar qo‘shib 5—10 daqiqa qaynatiladi. So‘ng suzib olinadi va sovitilgan holda kuniga 3 mahaldan ichiladi.

Shuningdek, sutli choy, novvotli choy ham emizishdan yarim soat avval ichilganida yaxshi samara beradi.

  1. Tez-tez emizish

Bolani talabga qarab, tungi vaqtda tanaffus qilmasdan emizish lozim. Bolani tunda emizish — butun emizish davrida uzoq va sifatli laktatsiya garovidir. Soatga qarab qat’iy emizishdan voz kechgan ma’qul.

  1. Ko‘krakni massaj qilish

Emizib bo‘lgandan so‘ng dushda emizilgan ko‘krakni massaj qilib ko‘ring. Uni iliq suv oqimi ostida 5—10 daqiqa davomida bajaring. Massajni ko‘krak uchidan chetlariga qarab aylana harakatlar bilan amalga oshiring.

Ko‘krak sutini ko‘paytirish uchun dorilar

Emizikli onalar uchun polivitaminlar, gomeopatik vositalar, biologik faol qo‘shimchalar kabi sutni ko‘paytirishda yordam beruvchi dorilar ham mavjud. Ularni shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilish kerak.

Ammo sanoatda ishlab chiqarilgan dori va vitaminlarni suiiste’mol qilish yaramaydi. Ko‘krak sutini ko‘paytirish uchun bolaga tez-tez ko‘krak tutish, emizish vaqtida tashqi chalg‘ituvchilarni yo‘q qilish, stressdan nari yurish kerak. Va asosiysi, asabiylashmang va ijobiy kayfiyatni saqlang.