Bilasizmi?

Maktabga yaqin yo‘llarda PPX naryadlari paydo bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 30.08.2018 yildagi 701-son qarori bilan yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va YTH profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari qabul qilindi.

Haftaning har juma kuni «Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni» deb e’lon qilinadi, deb yozmoqda Norma.

Ushbu kunda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

• YTH eng ko‘p sodir etiladigan hududlarda fuqarolik jamiyati institutlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jalb etgan holda, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish; • keng jamoatchilik ishtirokida YTH, shuningdek ularning sodir etilishi sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlar, ularni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralarni tanqidiy muhokama qilish; • respublika va mahalliy tele- va radiokanallarda piyodalar va haydovchilarning aybi bilan yuz bergan YTH; YHQga rioya qilmaslik oqibatlari va yo‘l harakati ishtirokchilarining javobgarliklari yoritib boriladigan maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tashkil etish; • yo‘l harakati ishtirokchilari o‘rtasida YHQga rioya qilish madaniyatini shakllantirish; • yo‘l harakati xavfsizligi va YTH profilaktikasi masalalari bo‘yicha maqolalar, sharhlar va boshqa materiallarni OAVda, shu jumladan Internetda chop etish.

Ushbu kunni o‘tkazish tartibi va tashkiliy jihatlari dasturda va sxemada aks ettirilgan. Amalga oshiriladigan tadbirlarni nazorat qilish va monitoringini olib borish Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasiga topshirildi.

Har oyning uchinchi juma kunida respublikaning barcha mintaqalarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tadbir ekologik holatni yaxshilashga, atmosfera havosini muhofaza qilishga, avtomobilsiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishga qaratiladi. Shu munosabat bilan bu ishlar yuzasidan targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlari, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etiladi.

Bolalar bog‘chalarida yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslari o‘qitiladi. Umumta’lim maktablarida yo‘l harakati qoidalari, yong‘inlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘z ichiga olgan «Hayotiy faoliyat xavfsizligi» majburiy fani joriy etiladi. O‘quv dasturlari 3 oylik muddatda ishlab chiqiladi.

IIV tomonidan har haftaning juma kunida YHQni qo‘pol ravishda buzib kelayotgan haydovchi va piyodalarni aniqlash maqsadida reydlar tashkil etiladi. Shuningdek texnik nosoz transport vositalarini aniqlash bo‘yicha reydlar o‘tkaziladi.

O‘quv yili davomida maktabga tutash va yaqin bo‘lgan yo‘llarga yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari joylashtiriladi. Bu chora-tadbirlar maktab o‘quvchilari ishtirokidagi YTHning oldini olishga qaratiladi.

Bundan tashqari, maktab o‘quvchilarining yo‘llarni kesib o‘tishda xavfsizligini ta’minlash maqsadida «Mahalla posboni», harbiy chaqiruvga tayyorlash fani o‘qituvchilari va Yoshlar ittifoqining yetakchilaridan yo‘l harakati jamoatchi navbatchisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘llarga yaqin joylashgan maktablar o‘quvchilarni ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar olib kelishi va olib ketishini ta’minlashi lozim.

Hujjat 30.08.2018 yildan kuchga kirdi.