Ona va bola

O‘smirlarning o‘tish davri haqida nimalarni bilamiz?

O‘smirlarning o‘tish davri haqida, har holda ilmiy va ilmiy ommabop adabiyotlar o‘z tilimizda va ayniqsa boshqa tillarda bo‘lsa ham anchagina topiladi. Bu jarayon keng yoritilgan va yoritilib turadi, desa bo‘ladi. Ammo, o‘tish davri botiniy bir holda o‘smirning hayotida yana bir necha yil davom etishini unutmaslik kerak. Bu davrni ilk yigitlik yoki qiz bolalarda bo‘y yetish davri deb atasa bo‘ladi. Odatda, amalda ham shunday bo‘ladi, ularga kattalar tomonidan muomala ham sezilarli o‘zgarib qoladi va buni ularning o‘zlari ham tezgina anglab olishadi.

Ilk balog‘at yillari o‘smirlarda 14-17 yoshlarni tashkil qiladi. Oiladagi bu yoshlar oila ruhiy muhitini endi jiddiy tang holatlarga keltirmaydi, ammo hali-hali o‘zlarini kichkinalikdan chiqarolmay, ba’zan qiliqlaridagi nomutanosiblik, nomuntazamlik, ba’zan bo‘ladigan unchalik o‘rinli bo‘lmagan mulohazalari bilan har xil kayfiyatlar keltirib chaqarishi mumkin.

Ammo, tez orada yigitlarning mulohazakorligi oshadi, o‘zlarini oilaning teng a’zosiday ko‘rsatishlari tez-tez uchrab turadi va ular o‘zlarini shunday tutishga o‘rganib borsa, qiz bolalar boshqacha, o‘zlarining katta bo‘lib qolganliklarini endi ko‘proq ko‘z-ko‘z qilmaslikka harakat qilishlari bilan ajralib turadi. qiz bolalarning xulqidagi bu holni ona tabiatning sirlaridan va jamiyatning urf odatlaridan, deb tushunsa mumkin. Chunki, qiz bola bo‘y yetgan sari uni tezroq biron joyga berib yuborish hollari ularni hushyor qilsa kerak-da.

Tez orada oilaviy suhbatlarda yigitlar bosiqlik, mulohazakorlik bilan gapga aralashadigan bo‘lib qolsalar, qiz bolalar, aksincha bunday suhbatlardan o‘zlarini tortib, aralashmaslik hollari ko‘proq uchraydi. O‘g‘il bolalar esa oilaviy jiddiy suhbatda o‘z fikrini bildirishga harakat qiladi. Qiz bolalar bunday jiddiy suhbatlar boshlanganda o‘zining «jiddiy» ishlarini bahona qilib oshxonaga biron narsa yuvish yoki uy xonalarini saranjom qilishga turib ketishga urinib qoladi.

Bu o‘rinda ba’zi qizlarning bunday jiddiy hangomalarga ataylab aralashishlari, o‘z fikrlarini aytishlari ularda keyinchalik tantiqlikning avjli rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hol esa bizning Sharq ayollari, Sharqning iboli bekalari xususiyatidan keyingi yuz yillar ichida ayniqsa, o‘tgan asrning elliginchi yillaridan keyingi davrda avjga chiqqan sotsializm ta’siri ostida anchagina kuchaydi, ammo uning bizga to‘g‘ri kelmasligini tarixning o‘zi ham ko‘rsatdi. Sharq ayoli jamiyatda o‘zining g‘olibligini ibosi bilan isbotlashini hammamiz bilamiz. Xuddi ana shu hol oilada ham ustun bo‘lsagina oilaviy muhit haqiqiy sharqona kechadi.

Oila ruhiy muhitiga bo‘yi yetayotgan qizlarning mana shunday jiddiy gaplardan o‘zini tiyishi ota-onani, ayniqsa otani ham xushyorlashtiradi. U endi har xil hangomalarni qizining oldida boshlashi kerak emasligini tushuna boradi.

Oila boshlig‘i Sodiq aka kechadan beri hamyostig‘i Manzura aya bilan boshlangan suhbatning oxiriga yetmay, bugun bozor kuni bo‘lganidan kechroq boshlangan nonushtada yana o‘rtog‘i Tursunning kelin to‘yidan gap ochdi. Keyingi oylardagi xarajatlarning ko‘paygani, to‘ylarning hozirgi qiyinchiliklarga qaramasdan dabdabali bo‘lib borayoigani o‘rtaga tashlandi. Ammo, nima bo‘lganda ham to‘yga borilishi va arzigulik sovg‘a olinishi aniq edi. Gapga to‘satdan oilaning o‘rtanchi o‘g‘li, texnikum talabasi Jahongir aralashdi: men stipendiyamni oldim, hozircha o‘zimga yetib turar, oyim aytgan ko‘ylak shimni olishni, mayli, keyinroqqa qoldira qolaylik.

Sodiq aka o‘g‘lining bunday mulohazali gapidan xursand bo‘lib dilida iliq tuyg‘u bilan yalt etib unga va keyin xotini Manzura ayaga qaradi. Shu paytda bo‘y yetib kelayotgan qizi Munavvarning o‘ninchi sinfni bitirayotgani, onasi orqali maktabni bitirish bayramiga yangi libos so‘rab yurgani esiga tushdi. Bu to‘g‘rida Sodiq aka va Manzura aya anchadan beri gaplashadi, har holda qizi Munavvar yangi libossiz qolmaydi. Ammo hozir qizining, menga bari bir yangi ko‘ylak olib berasiz, tikdirishga ulgurishim kerak, demasdan sekingina oshxonaga chiqib ketishi, masalani faqat onasi orqali aytib yurganligi oila boshlig‘iga alohida bir quvonch berdi. Sodiq akaning qizi Munavvarga mehri yana bir qadar ortdi va ko‘ylakning o‘ylagandan ham yaxshirog‘idan olishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.

Qizining bosiqligi, har narsaga tantiqlik qilib aralashavermasligi, o‘ziga zarur narsalarni ba’zangina o‘zi, ko‘pchilik hollrda esa faqat onasi orqali hal qilishlari Sodiq akaga yoqar edi. Chunki qizi Munavvar birinchi farzandi, yaqin vaqtlargacha erkatoy bo‘lib o‘sgan, ilgarilari o‘ziga kerak narsani dadasi bilan bemalol gaplashar va so‘rab olar edi. Ammo bo‘y yetgan sari iboli, bosiq kamgap bo‘lib yetilayotganidan ota benihoya mamnun edi.

Qiz bola daraxtdagi olma ekan, uzoqdan uni hamma ko‘raveradi. Ahyon-ahyonda sovchi bo‘lmasa ham, onasi Manzura aya orqali aytilayotgan ba’zi gaplar Sodiq akaning ham qulog‘iga yetib turadi, har holda.

Shu o‘ylar bilan bo‘lib Sodiq aka o‘n bir yashar qizi Lolaga qarab turgan edi, u birdan, dada menga qachon «jo‘japat» ko‘ylak olib berasiz, deb qoldi. Eng kichkina farzandi, erkatoyi Lolani Sodiq aka alohida yaxshi ko‘radi. Uning har xil iltimoslariga yo‘q deyolmaydi.

Bir mutafakkir oilada tarbiya haqida gapirib «oilada bola emas, kichkina imkoniyatli, kichkina jismli va hayot tajribasi kam inson siz bilan birga yashaydi, shuni hisobga olsangiz bas», degan ekan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizning suhbatlarimiz asosan oiladagi u yoki bu sabablarga ko‘ra oilaviy ruhiy muhit va uning yaxshilanish yoki yomonlashib borishi sabablarini yoritishga qaratilgan. Shu bilan birga aytish kerakki, oiladagi o‘smirlarning xulqi, ularning yosh xususiyatlarini hisobga olib muomala qilishdek katta bir san’at qaysi oilada bor bo‘lsa, o‘sha oilada ruhiy muhit mo‘’tadil bo‘lishi tayin gap.

Hozirgina biz yuqorida misol qilib keltirgan Sodiq akaning oilasida mutafakkirning so‘zlaridagi bolalar emas, jismonan, ma’nan, aqlan hayotga tayyorlanib kelayotgan kichkintoy kishilar mavjud va ularga shu holatlar inobatga olingan holda muomala qilinadi. Ammo ularning hali hayotiy tajribalari kamligi ko‘rinib turipti. Buni esa Sodiq aka biladi va shularni hisobga olgan holda o‘z farzandlari bilan muomala qiladi, shuning uchun ham ularning oilasida ruhiy muhit doimo mo‘’tadil, sog‘lom.

Biz misol qilib keltirgan Sodiq akaga o‘xshaganlar endigi kunda o‘z bolalari bilan faqat kattalarga bo‘ladigan nisbat bilan muomala qilishadi degan umid bilan ushbu fikrlarni yozmoqdamiz.

Hayot tashvishlari ko‘pligidan, ayniqsa, o‘z bolalarimizni har kuni ko‘rib yurganligimizdan ular bizga doimo kichkina ko‘rinadi. Biz kattalar esa aynan mana shu, bolalarimizning kattarib qolganldigini sezmayotganligimizdan ko‘pincha oilaviy ruhiy muhitimiz pand yeydi, o‘zimiz ko‘p xafaqonliklar orttiramiz, bolalarimiz bizdan yiroqlashib boradi, buning sabablarini tushunolmay ko‘p o‘ylanamiz. Tushunib yetganimizda esa ko‘pincha vaqt o‘tgan, g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘lib qoladi.

Yoshlar yetilib, hayotiy tajribalari ortgan sari ona tabiat sabog‘ini qalblariga jo qilib, qiz bolalar ona tomon, o‘g‘il bolalar ham ona va ota tomon yaqinlashib boraveradi. Biz kattalarga esa ular har doim kichkina bo‘lib ko‘ringani ko‘ringan. Shuning uchun ham xalq orasida mana shunday bir o‘git masal yuradi.

Bir yigit voyaga yetib uylanipti, bolali bo‘lipti, ammo uni onasi doimo hali juda kichkinaday avaylar ekan. Bu hol yigitga yoqmas, hatto erish tuyular va oxirgi paytlarda g‘ashini ham keltiradigan bo‘lipti.

Bir kuni yigit issiq jazirama oftobda loy qorib, tush bo‘lishiga qaramasdan hali veri uyga kiravermapti. Onasining «bolam, issiq o‘tib ketdi, endi ishlaringni tugatib uyga kiraqol, oftob qaytganda tugatarsan», degan gaplariga pisand qilmay ishlarini davom ettiraveripti. Bir necha bor aytgandan keyin ona bolasiga ichi achib nima qilishini bilmasdan, oxiri bolasining bolasi, nevarasini ko‘tarib hovliga chiqipti. Shunda birozdan keyin onaning loy qoriyotgan bolasi onasiga yolvorib, «ona nevarangizni uyga kiritsangizchi, uning boshidan oftob o‘tib ketdi», desa, unga onasi «sen bolangning boshidan oftob o‘tib ketganini juda tez ko‘rding, men esa qancha vaqtdan beri ichim achib bolamni uyga kiritolmayapman», deb javob qilgan ekan.

Bir kun xunob bo‘ldim farzandlar sabab,

Alar qilmishidan bag‘rimdir kabob,

O‘ylab ham ko‘rmabman qachondir men ham,

Kimningdir ko‘ksini qilganman selob.

Bu misolni biz ona va otalarning bolalar ko‘zlariga qanchalik kichkina ko‘rinishlari uchungina misol qilib ko‘rsatdik. ammo muomalada biz bolalarimizga kattalardek murojaat etmasak, bir birimizni tushunishimiz qiyin bo‘ladi va bu o‘z navbatida oilaviy ruhiy muhitga jiddiy ta’sir qiladi, shuni unutmasligimiz kerak.

Men bolam deganda bolam der bolam

Naqadar bag‘ri tosh bo‘lmasang bolam,

Tinmayin chopasan oftob ostida.

Mana kulcha berdi eng suygan xolang,

qorning ham aylangan piyoz po‘stiga.

Naqadar bag‘ri tosh bo‘lmasang bolam,

Kuz-kuzak yomg‘iri o‘tib ketdiya.

Jiqqa ho‘l choponing ko‘ksimda bir g‘am,

Orom ber joningga, bu menga hadya.

Naqadar bag‘ri tosh bo‘lmasang bolam,

qishning chillasida muzda toyasan.

quvonching sig‘maydi – tordir bu olam,

Sovqotding desam ham kulib qo‘yasan.

Naqadar bag‘ri tosh bo‘lmasang bolam,

Gul terib qaylarga ketib borasan.

Tunlari uxlamay yo‘lingni kutsam,

«Nega kutasiz» deb tanbeh berasan.

Naqadar ko‘ngli bo‘sh bo‘lmasang bolam,

To‘rt oyoq tobutga tarmashmagin, qo‘y.

O‘z bolang yoningda chopar bosh yalang,

Chaqirgin do‘ppisin tez kiydirib qo‘y.

Aslida bag‘ri tosh hayotning o‘zi,

Ota-ona mehrin aytolmas qalam.

O‘tkinchi dunyo bu, o‘tganlar so‘zi,

Men bolam deganda bolam der bolam.

Manba: Tafsilot.Uz