Bilasizmi?

Pamperslar xaqida ma’lumotlar

Pamperslar paydo bo‘lishi bilan yosh onalar hayoti ancha yengillashdi desak xato qilmaymiz. Endi kuniga 10 marta bolaning tagini almashtirib, yuvishning hojati qolmaydi. Bundan tashqari, kechasi bola tagini xo‘llab qo‘ysa ham ota-onasi va o‘zining shirin uyqusini buzmaydi. Xullas, pampersning foydali tomonlari juda ko‘p. Lekin, bunday tagliklar bola sog‘lig‘i uchun xavfli, degan gap ham yo‘q emas.

An’anaviy tagliklar pamperslardan foydalimi? Bu noto‘g‘ri mulohaza. Chunki matoli taglik namlikni shimib olish xususiyatiga ega emas. Bunday taglik bolaning terisini quruq saqlay olmaydi, qolaversa, mato namlansa, yumshoqligini yo‘qotadi. Natijada bolaning terisi qizarib achishishi mumkin. Zamonaviy pamperslar namlikni o‘ziga tortib olib, bolaning terisini quruq saqlaydi. Agar undan to‘g‘ri foydalanib, har 3-4 soatda almashtirilib turilsa, bola xech qanday zarar ko‘rmaydi.

Bolaning oyog‘ini qiyshaytiradimi? Malakali mutaxassislarning ta’kidlashicha, pamperslar bolaning to‘g‘ri o‘sishiga xech qanday zarar ko‘rsatmaydi. Qolaversa, pamperslar oyoq va son bo‘g‘imlariga xalaqit qilmaydi.

Pampersda teri "nafas olmaydi". Bilsangiz, sifatli pamperslar havo o‘tkazish xususiyatiga ega. Ular boshqalardan narxi va ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Lekin har qancha sifatli va qimmat pampersdan foydalansangiz ham, har safar uni almashtirayotganda kamida yarim soat bolaning terisiga dam berishga odatlaning.

O‘g‘il bolalar uchun havflimi? Onalar o‘rtasida "o‘g‘il bolaga pampersni ko‘p kiydirish kelajakda bepushtlikni keltirib chiqaradi" degan gap yuradi. Aslida-chi? Aynan shu mavzuda izlanish olib borgan olimlar allaqachon pampersning o‘g‘il bolaning salomatligiga xech qanday zarar qilmasligini isbotlab berishgan. Agar pampers kiydirish va gigiyena qoidalariga to‘g‘ri amal qilinsa, albatta.

Qizlar uchun-chi? Yuqorida aytilganidek pamperslar o‘g‘il bolalar uchun katta havf keltirmaydi, ammo qizlarga kelganda undan ehtiyotkor bo‘lish talab qilinadi. Negaki, e’tiborsizlik tufayli go‘dakda sistit va boshqa virusli kasalliklar paydo bo‘lishi xech gap emas. Shuning uchun, mutaxassislar har gal qiz bolaning tagligini almashtirayotganda uni, albatta, yuvintirish kerakligini ta’kidlashadi. Shunday ekan, nam salfetkani chetga surtib, suvni iliting va shirintoyingizni yuvintirishga odatlaning.

Pampers necha yoshgacha kiyiladi? Ma’lum bo‘lishicha, bola 12-20 oyligidan boshlab tuvakka o‘tirish darajasiga yetadi. Aynan mana shu paytda u o‘zining hatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik seza boshlaydi. Ammo bu bola 1 yoshidan boshlab, pampers bilan butunlay xayrlashishi kerak degani emas. Bolaning necha yoshigacha pampers kiyishi yoshiga emas, boshqa narsaga bog‘liq. Masalan: bolani kunduzi tuvakka o‘tirg‘izish mumkin, lekin tunda tagi ho‘l bo‘lib bezovtalanmasligi uchun esa pampersdan foydalanish o‘rinli. Bunday holatda bola qachonki ertalab tagi to‘liq quruq bo‘lib uyg‘onsa, shunda pampers bilan hayrlashsa bo‘ladi. Yana bir holat: ayrim bolalar pampersda o‘zini yaxshi xis etmaydi va kiyganda ko‘p bezovtalanadi, mana shunday vaziyatlarda pampersdan iloji boricha ertaroq qutulish tavsiya etiladi. Shuningdek, juda faol bolalarni pampersdan erta ajratish maqsadga muvofiq.

Muddatga e’tibor bering. Pampersdan foydalanishning kunduzgi normasi 2-3 soatni tashkil qiladi. Bordiyu, bola 1 soatda tagini to‘ldirib qo‘ysa, unda darxol boshqasiga almashtirish kerak bo‘ladi. Uyqu paytida yuqorida belgilangan muhlatga atigi bir soat qo‘shish mumkin. Mabodo, bola tagi namligini sezmay uhlashda davom yetsa, uni uyg‘otmay turib ham tagini almashtirish mumkin.

Pampersni almashtirganda. Bolani har safar toza havoga olib chiqishdan oldin va uyqu qaytgandan so‘ng, uhlashidan oldin va keyin tagligini almashtirishni qoidaga aylantiring. Pampersdan belgilangan vaqtdan ziyod foydalanmang. Bu tavsiya ko‘proq pampersni tejash maqsadida "to‘lishini" kutadigan onalarga tegishli. Hozir do‘konlarda bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan nam salfetkalar soni va turi juda ko‘p. Esingizda bo‘lsin, har qanday qimmat va o‘ta sifatli nam salfetka baribir toza iliq suv o‘rnini bosa olmaydi. Shu sabab bunday vositalardan iloji boricha kamroq foydalaning. Foydalangan taqdirda ham salfetkaning tarkibini o‘rganib chiqishga erinmang. Bolalar gigiyenasi uchun mo‘ljallangan salfetkaning tarkibida kremi borlaridan foydalanmagan maqul.

"Havo vanna"laridan foydalaning. Har gal pampersni almashtirayotganda, bolaning terisiga paxta yog‘i yoki oddiy zaytun moyini surting va 10-20 daqiqa quyosh nuri tushadigan joyda olib o‘tiring. Ana shu vaqt mobaynida bolaning terisiga diqqat bilan razm solib, qizil dog‘lar yoki pampersdan qisilgan izlar yo‘qligiga ishonch xosil qiling. Bordi-yu, pampers bolaning sonlarini qisayotgan bo‘lsa, uni bir o‘lcham kattasiga almashtiring.

Yodingizda bo‘lsin!

Qachon pampersdan voz kechish kerak?

  • Bola tuvakka o‘rgangan bo‘lib, kunduzi to‘liq undan foydalansa;
  • Undan tashqari (sayr chog‘ida yoki mehmonga borganda) hojatga chiqmoqchiligini ayta olsa;
  • Kechasi hojatga borish uchun uyg‘onsa yoki aksincha bunga hojat sezmasa.

Pampersdan vos kechishga shoshilmang. Qachonki bolangiz:

  • Go‘dak hali pampersga ehtiyoj sezib, uyqudan tagi ho‘l bo‘lib uyg‘onsa;
  • Bola endigina tuvakka o‘rganib, ammo ba’zida unga yetib borishga ulgurmay qolsa;
  • Uyqudan tashqari, sayrda yoki mehmonga borganda ota-onasiga hojatga chiqishi kerakligini ayta olmasa. Manba: Beka.uz