Bog‘cha yoshi

Farzandini bolalar bog‘chasiga berishga qaror qilgan onalar uchun foydali maslahatlar

Farzandingizni bolalar bog‘chasiga berishga qaror qildingizmi? Tabiiyki sizda bir qator savollar yuzaga keladi: Bir o‘zini u yerda qanday qoldiraman, axir bog‘cha bola uchun butunlay notanish-ku? Bog‘chada mensiz qanday yuradi?

Farzandingizni ilk bor bog‘chaga olib borganingizda uning har qanday reaksiyasiga tayyor bo‘lishingiz, o‘zingizni qo‘lga olib, xotirjamlikni saqlay olishingiz lozim.

Kichkintoylarni bog‘chaga berishdan avval uni bu yangilikka asta-sekinlik bilan tayyorlab borish kerak bo‘ladi. Unga bog‘chada o‘zini qanday tutishi lozimligini so‘zlab bering. Unga nisbatan "yig‘loqi", "meni sharmanda qilma", "xarxasha qilma" kabi so‘zlarni ishlatmang. Ota-onaning so‘zlariga qarab, bolaning o‘ziga nisbatan bahosi shakllanadi.

Bog‘chaga berishning dastlabki kunlarida uni kun bo‘yi u yerda qoldirmang. Dastlab uni sharoitga moslashtirish uchun 30 daqiqadan boshlash mumkin. Keyin asta-sekinlik bilan muddatni uzaytirib borish lozim.

Psixologik moslashish

Siz bog‘chani tark etganingizdan so‘ng, bola qo‘rquvni his qilishi mumkin. Shu sababdan bog‘chaga borishdan avval unda faqat ijobiy taassurotlar uyg‘otishga intiling. U yerda turli qiziqarli o‘yinlar o‘ynashi, yangi do‘stlar orttirishi, sayr qilishi mumkinligini tushuntiring.

Jismoniy moslashish

Bola jismoniy moslashishi uchun uni chiniqtiring, havo vannalari, toza havodagi sayrlar sonini ko‘paytiring. Juda ko‘p kiyimlarga o‘rab tashlamaslikka harakat qiling. Tegishli emlashlarni olishingiz mumkin.

Immunitet

Farzandingiz immunitetini mustahkamlang, to‘g‘ri ovqatlanish tarzini ta’minlang. Agar zarurat bo‘lsa vitaminlar ichiring. Shuningdek, foydali vitaminlarga boy meva va sabzavotlar haqida unutmang. Bolangizda shamollash alomatlari bo‘lsa, uni bog‘chaga berishga shoshilmang. Moslashishning dastlabki davrida boladagi hayajonlanishlar va stresslar ta’sirida immuniteti pasayishi mumkin. Biroz vaqtdan keyin uning organizmi notanish mikrob muhitiga qarshi turishni o‘rganadi.

ovqatlanish

Ovqatlanish va bolalar bog‘chasi rejimi

Maktabgacha ta’lim muassasasiga oldindan borib, u yerdagi menyu bilan tanishish maqsadga muvofiqdir. Agar u yerning taomlaridan bir nechtasini bolangizga tayyorlab bersangiz, uning ovqat hazm qilish tizimida ko‘nikma hosil bo‘lishiga yordam beradi.

Rejim ham muhim ahamiyatga ega. Bolani erta turish, vaqtida uxlash va vaqtida ovqatlanishga o‘rgatish kerak.

Bola birinchi marta bog‘chaga borganda eng qiyini xayrlashish jarayonidir. Bu holatda asqotishi mumkin bo‘lgan bir nechta maslahatlar:

- xayrlashish jarayonini cho‘zib yubormang;

- zinhor yig‘lab yubormang, agar farzandingiz sizning xafaligingizni ko‘rsa, undagi qo‘rquv yanada oshadi;

- bola sizni ko‘rmay turgan vaqtda ketmang, aks holda u sizni aldashda gumon qilib, sizdan uzoqlashmaslikka harakat qila boshlaydi;

- unga jahl qilib ketmang ("Tinchlan dedim, senga!", "Hoziroq bas qil!", "Endi mendan ko‘rasan!" va h.o.);

- xayrlashayotib unga kulib qarang;

- agar bolaning onasi bilan ajralishi juda qiyin kechsa, bir necha kun biror yaqin qarindoshdan bolani bog‘chaga olib borishni iltimos qilish mumkin.

Maqolani tayyorlashda "All4girls.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.