Tarbiya

Bola boshidan...

Insonning aksariyat qobiliyatlari bolalikda shakllanadi. Albatta, inson qobiliyatini keyinchalik ham shakllantirishi mumkin, ammo bu ko‘p mehnat va vaqt talab qiladi-yu, lekin odatda kutilgan natijaga olib kelmaydi, chunki bebaho vaqt va imkoniyatlar qo‘ldan boy berib bo‘lingan. Har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq yuksak idrok va zakovat potentsialiga egaligi ilmiy tadqiqotlar bilan isbotlangan. Balki aynan shu sababli, ota bobolarimiz yoshlikda olingan ilmni toshga bitilgan naqshga o‘xshatishgan. Farzand bilan qancha erta shug‘ullana boshlanilsa, bu uning kelajakdagi aqli va mantiq faoliyati uchun shuncha foydali bo‘ladi. Afsuski, ko‘p holatlarda bola e’tiborsizlik tufayli o‘zi ega bo‘lgan zako va mantiq xazinasidan to‘liq foydalana olmaydi. Uni rivojlantirish, ta’lim tarbiyasi bilan shug‘ullanish ota-onaning vazifasi. Ammo, ota-onalarning o‘zlari ta’lim uslublarini takomillashtirib borishlari joiz bo‘ladi, chunki, eskirib qolgan ta’lim berish uslublaridan foydalanish samara berishi qiyin. Ko‘pgina olimlar va psixologlar, bolalarning mantiq va zakovati yuqoriligi va ularni to‘g‘ri rivojlantirish oqibatida yuksak natijalarga erishish mumkinligini ta’kidlashadi. Aksariyat pedagoglarning fikricha, 3-4 yoshga kirgan bolalarga ta’lim berish, yetti yoshli bolani o‘qitishdan ko‘ra anchayin oson kechadi. Ilmiy tadqiqotlar esa, o‘qish va o‘rganish inson miyasining faol o‘sib, rivojlanayotgan paytda amalga oshirilganda samarali ekanligini tasdiqlaydi. Hozirgi kunda, ta’lim berish borasida bir qancha erta ta’lim usullari pedagoglar va ota-onalar orasida ma’lum va mashhur. Va ular bolani kichik yoshdan va hatto tug‘ilgan onidan e’tiboran ta’lim bera boshlashga qaratilgan. Erta ta’lim borasida faoliyat yuritayotgan turli markaz va kurslarlarda ta’lim uslublari haqida eshitgan yosh ota-onalarning boshi qotishi tabiiy. Kimdir Montessori usulini maqtasa, kimdir Glen Doman qarashi tarafdori, boshqa biri esa Lupandan boshqasini tan olmaydi. Haqiqatan, bugungi kunda erta ta’lim usullari xilma-xil, va ularning har birining o‘ziga xos tomonlari mavjud. Bu borada ota-ona o‘z farzandining talab va xususiyatlari, qobiliyatiga ko‘ra ta’lim uslubini tanlashi lozim. Shu sababli, hozirgi kunda el og‘ziga tushib ulgurgan erta ta’lim usullarining asosi haqida so‘z olib borishga qaror qildik.

1. Qarama qarshilikka boy Glen Doman usuli

Ko‘pgina tortishuv va muhokamalarga sabab bo‘lgan usullardan biri bo‘lib, o‘tgan asrning 40 yillarida o‘z ibtidosini boshlagan, harbiy shifokor, amerikalik Glen Doman tomonidan ishlab chiqilgan. Glen Doman urush yillarida og‘ir miya jarohati olgan bolalarni davolaydi. Bemor bolalarga katta katta qizil harfli so‘zlar yozilgan kartochkalar ko‘rsatilardi va bir vaqtning o‘zida unda yozilgan so‘zlar talaffuz qilinardi. Darslar juda qisqa bo‘lib, 5-10 soniya davom etar, ammo kun davomida bir necha marotaba takrorlanardi. Bu shaklda mashg‘ulotlarda ishtirok etgan falaj holatida yotgan bolalar sekin-asta harakat qila boshlaydi, keyinchalik emaklash, yurish va hatto sog‘lom bolalar kabi yugurish qobiliyatlari ham tiklanadi. Shu sababli, Glen Doman bir vaqtni o‘zida ham oddiy hamda genial xulosaga keladi: ko‘zni doimiy ravishda stimulyatsiya qilish miya faoliyatining umumiy faollashishiga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ngra Domen bu usulni sog‘lom bolalarda ham sinab ko‘radi. Bola tug‘ilgandan e’tiboran, unga bu kabi kartochkalar ko‘rsatiladi. Kartochkadagi so‘zlar turli tuman bo‘lishi mumkin: nuqtalardan iborat sonlar, qizil rang bilan yozilgan harflar, hayvonlar rasmi, arboblar rasmi, tabiat hodisalari va hokazo... Bunday kartochkalarni Doman: ma’lumot bitlari (binary digit), deb atardi. Kartochkalar kun davomida bolaga bir necha marta, bir necha soniyaga ko‘rsatilardi. Doman o‘z usulini qo‘llash natijasida daholarni tarbiya qilishiga ishonardi. Bu fikrni ko‘pgina pedagog va psixologlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun qarash natijasida yuzaga kelgan taassurotlar muhim ekanligini tan olishlari ham tasdiqlaydi.

3xC5WHar ishda bor bir kamchilik

Ammo bu usulning o‘ziga yarasha kamchiliklari bor: u bolalarga to‘la va mukammal rivojlanish bermaydi. Ayniqsa, bola dunyosi talab qilgan faollikni bu usulda mavjud emas, dars davomida bolaning ko‘zi va ko‘rish qobiliyatigina ishtirok etadi. Bola esa o‘z tabiatidan kelib chiqib, uni qiziqtirgan narsani ushlab ko‘rishni, “mazasini ta’tish”ni ma’qul ko‘radi. Tili chiqa boshlagan bola esa albatta o‘zini qiziqtirgan mavzu borasida savollar yog‘diradi, ammo Domen usuli esa boladan qimirlamay o‘tirishni, diqqatini kartochkalarga qaratishni va talaffuz qilinganlarni eshitishi talab qilinadi. Doman inson miyasini kompyuterga o‘xshatadi, uning fikricha miya muvafaqqiyatli faoliyat yuritishi uchun ma’lumotlar bazasini to‘ldirib olishi lozim. Ammo bola kompyuter emas, balki tirik mavjudot, uni faqat turli sonlar va faktlar bilan to‘ldirishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, u olgan ma’lumotlarini mantiqan to‘g‘ri qo‘llab, foydalana olishi lozim. Kichkina bola tajriba, ijodiy mashg‘ulotlar, suhbatlashish, o‘yin va sevgiga muhtoj. Shu sababli, Doman usuli daholarni yetishtirish uchun yetarli emas hamda ko‘p mehnat talab qiladi. Faqatgina matematika bilan kuniga eng kam 6 marotaba shug‘ullanish lozim. Natijada ota-ona aksar vaqtini bu darslar bilan o‘tkazadi, kechki soatlarda esa yangi darslar uchun kartochka tayyorlanish lozim. Ammo, bu usuldan umuman bosh tortish ham to‘g‘ri emas, balki aksincha uning samarali tomonlaridan foydalanish mumkin: masalan, bolaning sevimli kitobini o‘qish bilan birgalikda unga turli kartochkalarni ko‘rsatsangiz bo‘ladi. Biroq, qiyinchiliklardan qo‘rqmasangiz, farzandingizning zako kuchiga va entsiklopedik bilimlarga ishonsangiz, Glen Doman ishlab chiqargan usul sizga asqotishiga ishonamiz.

2. Sessil Lupanning erta ta’lim uslubi

Glen Domanning usuli ko‘pgina boshqa ta’lim metodlariga yo‘l ochgan desak hech mubolag‘a qilmaymiz. Sesil Lupan usuli ana shular sirasiga kiradi. Avvaliga u o‘z qizlari bilan Glen Doman ta’lim usulida shug‘ullana boshlaydi. Ammo ko‘p o‘tmay uslubning ba’zi tomonlari farzandlariga to‘g‘ri kelmasligini tushunib yetadi va unga o‘zgartirish kiritib, oilaviy hayotga moslashtiradi. Bir vaqtlar olingan aktyorlik mahorati ta’limi sababli mashg‘ulotlarni turli xil zavqli o‘yinlar bilan boyitadi. Lupan uslubi bola tug‘ilgandan e’tiboran unga o‘qishni o‘rgatishga urg‘u beradi. Masalan, alifbo harflarini bolaga yoqqan musiqiy ohangda kuylash. Ko‘z qiziqishi uchun esa uyning har tomoniga predmet yoki hodisalar nomi yozilgan kartochkalar ilib qo‘yish. Kartochkalardagi unli tovushlar qizil rangda, qolganlari esa qora rangda bo‘lishi lozim. Shuningdek, bu kartochkalar vaqti vaqti bilan yangilanib borishi zarur. Masalan, avvaliga bu kartochkalar bolani atrof muhit bilan tanishtirsa, keyin harakatlarni o‘rgatishi maqsadga muvofiq. Bolaga “shamollash” so‘zini ko‘rsatib, aksa urish, “yiqilmoq” so‘zini ko‘rsatib esa kulgili harakat bilan “yiqilib” tushish mumkin. Bu uslub “ota-ona va farzand orasida masofa bo‘lishi lozim” deguvchilar uchun to‘g‘ri kelmaydi. Chunki mashg‘ulotlar davomida ota-ona bola bilan birga bolalik hayotini yashaydilar, kuladilar, bolalarcha sho‘xlik qiladilar. Bola bilan birga bolalikka tushishdan qo‘rqmasangiz, bu usul haqida Sessil Lupanning “O‘z farzandingga ishon” kitobida yaqindan tanishib chiqishingiz mumkin. Kitob ota-onalarga ishonch beradi va ularni yangi kashfiyotlar sari undaydi.

47

3. N.A.Zaytsev uslubi

Bu uslub ham erta o‘qishni o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Zaytsev janoblari 11 dona maxsus kubiklar (hajm, rang, og‘irlik borasida turli xil) va jadval ishlab chiqqan. Jadval va kubiklar bolani bo‘g‘inlar bilan tanishtiradi. Ya’ni, Zaytsev uslubi bo‘yicha bola harflarni donalab emas, bo‘g‘in shaklida (bir unli va bir undosh) o‘rganadi. Natijada tilga kirgan bola harflarni emas, balki ularni bo‘g‘inlar tarzida talaffuz qiladi. Masalan: pa, ba, ma, su. Usulning asosiga ko‘ra, bola osondan qiyinga (harf-bo‘g‘in-so‘z) o‘tmaydi. Bolaga hamma bo‘g‘inlar ko‘rsatiladi va u ularni eslab qoladi. Barcha o‘rgatuvchi ma’lumotlar bilan u sekin asta emas, bir paytni o‘zida tanishadi. Bola dars davomida charchamasligi uchun jadvalni yerdan 170 sm balandlikda joylashtiriladi, mashg‘ulot davomida tik holatda bo‘lishi bolaning gavdani tutishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, katta-katta harflar ko‘zni zo‘riqtirmaydi, u doimiy harakatda, mashg‘ulotlar esa o‘yin tarzida olib boriladi. Bo‘g‘inlarni takrorlagan bolalar ularni o‘qimaydi, balki kuylaydi, yuguradi, sakraydi, qarsak chaladi. Bu uslub yodlab olish emas, xotirada mustahkamlashga asoslangan. Ammo shunga qaramay, uning ham o‘ziga xos kamchiliklari yo‘q emas. Bo‘g‘inlar 200 dan oshiq, alifbo harflari esa 33 ta, va bu uslubda ta’lim ko‘rayotgan bola oddiy ta’lim uslubida o‘rganayotgan boladan ko‘ra o‘n barobar ko‘proq ma’lumotni o‘zlashtirishiga to‘g‘ri keladi. Hamda bu uslub maktabdagi ta’lim tizimining qarama qarshisi, deyish ham mumkin. Chunki maktabda ta’lim olishni boshlagan bola yangidan harflar bilan o‘qishni o‘rganishiga to‘g‘ri keladi.

101705201_large_5111852_SLOGIbykvaV

4. Valdorf pedagogikasi

Bu ta’lim usuli olim va pedagog R.Shtayner falsafasiga asoslangan bo‘lib, uning mohiyatida shaxsiyatning ruhiy va estetik rivojlanishiga qaratilgan, bolaning aql-zakovati esa unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Shu sababli, usul - tabiat, ijod va kasb hunarlarni kuzatishni o‘z ichiga olgan. Valdorf ta’limi markazlarida o‘quvchilar ganchkorlik, turli musiqa asboblarini chalish, xalq hunarmandchiligi, turli sahna ko‘rinishlarida ishtirok etish (aktyorlik mahorati) kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadilar. O‘qish uchun mashg‘ulotlarni esa bola 12 yoshga kirgandan so‘ngra boshlash tavsiya qilinadi. Ta’lim vaqtida bolaning asosiy bilim manbai va yo‘naltiruvchisi o‘qituvchidir. Dars o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi suhbat tarzida o‘tkaziladi. O‘qituvchi darsni hikoya qilib bergach, o‘quvchi o‘z tushunganlarini hissiyotini so‘zlash va ko‘rsatish bilan namoyish qilishi lozim.

1452962998_d1a85b96d9c1805b57080c9745f5aac70040c22b000 Albatta, Valdorf usulining ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bor. Ba’zilarning fikriga ko‘ra, bu usul real hayotdan uzoq bo‘lgan vaziyat yaratishi ehtimoli katta. Undan tashqari, bolaning normal rivojlanishida asossiz to‘sqinlik yuzaga keladi, 12 yoshda o‘qishni o‘rgana boshlash bola uchun juda kech. Bu usulda asos qilib olingan estetik tarbiya esa mantiq va tafakkur rivojlanishini cheklanishiga olib keladi. Valdorf usuli giperaktiv, asabiy, agressiv, o‘ziga ishonchi yo‘q va e’tibori past bo‘lgan bolalar uchun foydali. Ammo ishingiz sababli vaqtingiz kam bo‘lsa, bu usul sizga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Chunki farzandingiz bilan birgalikda chevarlik, ganchkorlik kabi hunarlarni birga qilishingiz lozim. Dars davomida butun e’tibor bolaga qaratiladi, ota-onalar esa vaziyatga moslashadi va faqat yordamchi vazifasini bajaradi. Valdorf pedagogikasi bolaning sog‘lom o‘sishiga negativ ta’sirining oldini olish uchun ta’lim tizimida hech qanday shoshilishga yo‘l qo‘ymaydi.

5. Nikitinlar oilasining erta ta’lim usuli

Bu usul R.Shtaynerning usuliga o‘xshash, ta’lim asosiga mehnat, bolaning tabiiy rivojlanishi, tabiatga yaqinlik yotadi. Bolani hech bir narsaga majburlamaslik, ota-ona va farzand orasidagi hamkorlik usulning asosiy qoidalariga kiradi. Ota-ona bu munosabatlarda bolaning yoshidan kelib chiqqan holda uni yo‘naltirib borishlari talab qilinadi. Bolaning istak-xohishlari va o‘zini yaxshi his qilishi uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berish birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Nikitinlar oilasi o‘z farzandlariga hamma narsani ertaroq o‘rgatishga harakat qilishmagan. Biroq, zakovot uchun ilgarilagan sharoitlar yaratilgan tomonlari tezroq rivojlana boshlashini kuzatishgan. Masalan, endi tilga kira boshlagan bola uchun harf yoki sonlar yozilgan kubiklar, jadvallar olishni tavsiya qilinadi. Undan tashqari, Nikitinlar oilasi bolalar uchun rivojlantiruvchi zakovat o‘yinlari ham ishlab chiqishgan. Bu o‘yinlarning darajasi turli xil bo‘lgani sababli, u ko‘p yillar davomida bolaning e’tiborini o‘ziga qarata oladi. Intellektual topshiriqlarning qiyinlashib borishi esa bolaning mustaqil ravishda rivojlanishiga zamin yaratadi.

kindergart Nikitinlar usulida foydalanishni istasangiz quyidagi qoidalarga amal qilishingiz lozim: Bolaga topshiriqlarning javobini aytish va hatto yo‘l ko‘rsatish ham ta’qiqlanadi; Topshiriqlar yechimini birinchi urinishning o‘zida topishni talab qilmang, (bola bunga hali tayyor emasligini ham e’tiborga olish zarur); Bola bilan birgalikda yangi o‘yinlar kashf qilishga harakat qiling. Nikitinlar ta’lim tizimi butun dunyoga taniqli. Masalan, yaponlar bolalar bog‘chasi ta’lim tizimini aynan mana shu usulni asos qilib olishgan. Germaniyada esa Nikitinlar instituti barpo qilingan. Ammo shunga qaramay, bu ta’lim usuli hamma bolaga ham birdek to‘g‘ri kelmaydi, chunki unda gumanitar va estetik tomonlar diqqatga olinmaydi. Ammo, rivojlantiruvchi o‘yinlar haqiqatan noyob va ularning barchasi “Intellektual o‘yinlar” kitobida to‘liq bayon qilingan.

6. Montessori usuli

Mariya Montessorining usuli bolalarga o‘yin shaklida ta’lim berish, mashqlarni esa mustaqil ravishda bajarishiga asoslangan. Har bir bolaga uning individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yondoshiladi. Bola o‘zi mustaqil ravishda materiallarni tanlaydi va dars vaqtini belgilaydi, ya’ni individual tarzda shakllanib boradi. Bu usulning asosiy maqsadi, bolaga o‘z individual qobiliyatlarini namoyon qilish istagini uyg‘otishdir. Montessorining usuli boshqa erta ta’lim usullaridan tubdan farq qiladi. U bolaga o‘z qilgan xatolarini topib ularni to‘g‘irlash huquqini beradi. O‘qituvchining vazifasi esa bolani mustaqil harakatlanishga undash, o‘qitish emas. Usul yordamida bolaning mantiq va ijodiy tafakkuri ortadi, diqqat--e’tibori, xotira, nutq, tasavvur etish, motorikasi rivojlanadi. Undan tashqari, Montessori uslubi kollektiv bilan o‘yin va mashg‘ulotlarga ham alohida e’tibor qaratadi, bu esa bolada boshqalar bilan o‘zaro munosabatga kirishish, maishiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shu bilan birga o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish layoqatini rivojlantiradi.

14104128091354 Qosh qo‘yaman deya...

Erta ta’lim borasida qay yo‘nalish yoki usulni tanlashingizdan qat’iy nazar, farzandingizning istak xohishini e’tiborga oling. O‘z shijoatingiz kuchi ostida bolaning ishtiyoqini so‘ndirib, uni dars qilish yoki o‘rganishdan bezdirib qo‘ymang. Darslar va mashg‘ulotlar birinchi o‘rinda farzandingizga va sizga quvonch va zavq bag‘ishlasin. Bir vaqtning o‘zida bir necha usullarni mujassamlagan holda o‘z uslubingizni kashf qilishingiz ham mumkin. Kavsar Asxobova tayyorladi