Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 28-hafta

Ayni paytda siz homiladorlikning yettinchi oyi o‘rtasidasiz. 28-hafta — allaqachon uchinchi uch oylik boshlandi, demakdir. Ko‘pchilik onalar ushbu muddatda ishlashda davom etadi, ammo lohasliklar tezroq ta’tilga chiqishga undaydi.

Siz hamon odatiy hayot tarzini olib bormoqdasiz, biroq bu siz yordamga muhtoj emassiz, degani emas. 28-haftada potensial xavfli harakatlarni amalga oshirmang: og‘ir yuk ko‘tarmang, darparda va choyshablarni osmang, charchatadigan ishlar bilan shug‘ullanmang.

28-haftada qimirlashlar

Ushbu muddatda bola ancha faollik bilan qimirlaydi. Onalar bolaning harakatlarini aniq his qiladi va, hatto, qorin terisi ostidagi qimirlashlarga qarab, ularni ko‘ra oladi ham. Ba’zan qorin biroz o‘ngroqqa siljib qoladi, ba’zan esa chaproqqa. Bunday vaziyat homiladorlikning 32-haftasigacha ham kuzatilishi mumkin. Shundan so‘ng bolaga bachadon torlik qilib qoladi va siz uning faolligini bunchalik aniq his qila olmaysiz.

28—29-haftaga kelib, siz taxminan 9 kg vazn yig‘dingiz. Bu og‘irlik faol bo‘lishingizga hali xalal bermaydi, ammo o‘zingizni biroz beso‘naqay his qilishingiz mumkin.

28-haftada homilaning rivojlanishi

Bu haftaga kelib, homilaning og‘irligi bir kilogrammdan oshadi, uzunligi esa 34 santimetrga yetadi. Hajmiga ko‘ra, bola karamni eslatadi.

U allaqachon katta bo‘lib qoldi, juda o‘zgardi — ko‘zini yumib-ochishni hamda shirin va nordon ta’mni sezishni o‘rgandi. Biroq bolada hozircha ta’m bo‘yicha ma’lum xohish-istaklar yo‘q. Ko‘p hollarda u o‘z onasi bilan hamfikr. Shuning uchun agar ona achchiq qayla va ziravorlarni yaxshi ko‘rsa, bola ham beixtiyor bunga ko‘nikadi. Hozir bolada to‘g‘ri ta’m sezgisini shakllantirishning ayni vaqti.

Shunisi qiziqki, kunduzi bola kamroq qimirlaydi, kechasi esa to‘s-to‘polonni boshlaydi. Sababi oddiy: kun bo‘yi onaning harakatlari bolani allalaydi, tinchlantiradi, shu tufayli u aynan kunduzi uxlab olishni afzal ko‘radi.

Ko‘p bolalar bu vaqtga kelib, boshini pastga qaratib to‘g‘ri holatga o‘tib oladi. Ammo agar sizda bunday holat hali kuzatilmagan bo‘lsa, xavotirlanmang, u joyini o‘zgartirishga ulguradi.

Homiladorlikning 28-haftasida tug‘ilgan bolalar yashab keta oladi. Ularning imkoniyatlari katta bo‘lmasa-da, bugungi tibbiyot bunday chaqaloqlarning hayotini saqlab qolishi tobora ishonchliroq bo‘lib bormoqda.

To‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgandingizmi? Unga rioya qilishda davom eting

Agar shifokor sizda shishish paydo bo‘lganini ko‘rsa, suv ichish rejimini o‘zgartirishni tavsiya qiladi. Ushbu davrda tuz iste’molini ham minimumga tushirish kerak. Marinadlangan oziq-ovqatlar va achchiq salatlarni yemaslikka harakat qiling. Agar siz homiladorlikning ilk kunlaridanoq o‘zingizni sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatgan bo‘lsangiz, hech qanday cheklov va taqiqlar sizga qo‘rqinchli bo‘lmaydi.

Dimlab pishirilgan sabzavotlar, yangi uzilgan mevalar, qatiq mahsulotlari, mol go‘shti, boshoqli o‘simliklar, morslar va ichimlik suvi — sizga hozir zarur bo‘lgan taomnomaning eng oddiy tarkibiy qismlari.

Rezuslar nomuvofiqligini tekshirish

Agar qon rezusingiz manfiy bo‘lsa, sizga antijismlar tahlilini tayinlashlari mumkin. Bu ona va bolaning rezuslari nomuvofiq bo‘lib qolmayotganini bilish uchun kerak.

Vazn barchasini o‘zgartiradi

Sizning vazningiz, va tabiiyki, qomatingiz va yurishingiz ham o‘zgardi. Qomatingizga mos bo‘lgan chiroyli kiyimlarni kiying va tor liboslarga burkanishga urinmang, bu siz va bolangiz uchun qo‘shimcha noqulaylik keltirib chiqaradi.

Qorningiz terisida ortiqcha muammolar yuzaga kelmasligi uchun, teri cho‘zilishlariga qarshi kremlar haqida unutmang. Hozir teringiz uchun parvarish juda muhim.