Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 37-hafta

Homiladorlikning 37-haftasi ham yetib keldi. Agar bu siz uchun birinchi homiladorlik bo‘lsa, qirqinchi haftagacha yetib borib, reja bo‘yicha tug‘ishingiz ehtimoli katta. Agar bundan avval ham farzandli bo‘lgan bo‘lsangiz yoki qorningizda egizaklar bo‘lsa, tug‘ruq 37-haftada ham sodir bo‘lishi mumkin.

Biroq u muddatidan avvalgi tug‘ruq hisoblanmaydi. Homiladorlikning ushbu davridan boshlab tug‘ilgan bola, tibbiy parametrlarga ko‘ra, o‘z vaqtida tug‘ilgan hisoblanadi.

37-haftada homilaning o‘lchamlari

37—38-haftada bola tug‘ilishga tayyor holatga keladi. U bunga intiladi ham — uning organizmida barcha tizimlar ishga tushishga shay, o‘pkalar yetilishida yordam beruvchi kortizon gormoni ishlab chiqarilmoqda, ichakda biroz mekoniy (birinchi axlat) yig‘ilgan, bolaning qorni va boshi aylanasi deyarli bir xil.

Bolaning bo‘yi ushbu davrda 48—50 sm, og‘irligi 2,8—2,9 kilogrammni tashkil etadi.

Organizmda rivojlanish jarayoni davom etmoqda, barcha asab tolalari himoya qobig‘i bilan o‘ralgan, bu tug‘ruqdan keyin ham hayotning butun birinchi yili mobaynida davom etadi. Quloq va burun kemirchaklari qattiqlashadi, boshda “turmak” paydo bo‘ladi. Sochlar  bu davrda 0,5—4 santimetrgacha o‘sgan bo‘ladi. Badandagi yung yo‘qolishi kerak.

37-haftadagi hissiyotlar

Ushbu haftada tug‘ruq yaqinligini bildiruvchi belgilar paydo bo‘lishi mumkin: taram-taram chiziqlari bo‘lgan sarg‘ish ajralmalar kelishi, qorin pastga tushishi, ich suyuqroq kelishi mumkin.

Bachadoningiz maksimal kattalikka erishgan: og‘irligi bir kilogrammga yaqin, sig‘imi 4—5 litrni tashkil etadi. Uning uchi hozir qov simfizidan 37 sm, kindikdan 16—17 sm tepada joylashgan. Siydik pufagiga bosim yanada kuchayadi, oyoqlar va chot orasi sanchib og‘rishi, bel zirqirab og‘rishi mumkin, qorin kuniga bir necha martadan tosh qotishi mumkin.

Yo‘ldosh qarimoqda. Bola tez orada dunyoga keladi, yo‘ldosh esa uning ketidan “tug‘iladi”. Doyalar to‘liq chiqib ketganini va tug‘ruq muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etadi — ona organizmida ortiqcha hech narsa qolmaydi.

37-haftadagi ajralmalar

Bu bosqichda farzand kutayotgan ayollar sarg‘ish yoki, hatto, jigarrang ajralmalarni qayd etishi mumkin, ular ba’zida qon aralash bo‘lishi mumkin. 37-hafta uchun pushti-sarg‘ish rangdagi ajralmalar va xira tusdagi shilimshiqlar xosdir — bularning barchasi bachadon bo‘ynini to‘sib turgan shilliq to‘siq chiqib ketganidan darak beradi.

Bu haftada ham qorinning tosh qotishlari va davriy og‘riqlar kuzatiladi, bunday hollarda shifokorga xabar bering.

Ushbu muddatda shifokor qog‘onoq suvi oqib ketmayotganiga ishonch hosil qilish uchun qinni tekshiradi, bachadon bo‘yni qanchalik yumshoq va yupqalashganini aniqlaydi. Uning qanday darajada ochilganini ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. U ochilishni boshlagan bo‘lishi mumkin.

Tug‘ruq jarayonida bachadon bo‘yni shu qadar yoziladiki, uning devorlari juda yupqalashib, bolaning tug‘ruq yo‘li orqali o‘tishiga imkon yaratadi. Tajribali akusherlar ochilganlik darajasini barmoq bo‘yicha o‘lchaydi. To‘rt barmoq kengligida ochilgan bo‘lsa, bu to‘rt santimetr demakdir. Ammo tug‘ruq boshlanguniga qadar bachadon bo‘yni bir barmoqdan kattaroq ochilmaydi.

Shuningdek, 37-haftada shifokor homilaning qanday holatda yotganini aniqlaydi va tos suyagingiz enini baholaydi.