Tarbiya

O‘smirlarni qanday tarbiyalash kerak?

Farzand o‘stirayotgan har bir ota-ona bolaning o‘smirlik davri haqida ko‘plab ma’lumotlarni eshitgan bo‘lsa ajab emas. Ehtimol, quloqqa chalingan har qanday voqea-hodisalar sizni xavotirga solgandir, ammo ana shu davr borasidagi aniq ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, xavotirga aslo o‘rin yo‘q.

Kecha bola, bugun o‘smir

Kuni kecha beozorgina, yuvoshgina bo‘lib yurgan, qalb kechinmalari bilan o‘rtoqlashgan bolaning birzumda tutoqib, asabiylashib ketishi, gapga quloq solmasligi, qo‘pollik bilan javob berishining sababi nimada deb o‘ylanib qoladi, gohida ota-onalar. To‘g‘ri, o‘smirlar ba’zida muammo tug‘dirishi mumkin, ammo mazkur davrdagi o‘zgarishlar sizni xayratga solmasin. Axir farzandingiz, ba’zilar uchun unchalik oson bo‘lmagan o‘smirlik davrini boshdan kechiryapti. Bunday paytda gormonal o‘zgarishlar sodir bo‘lib, bolaning xatti-harakatlarida aks etadi. U o‘ta ta’sirchan, asabiy bo‘lib, ba’zan halovati yo‘qdek ko‘rinadi. O‘smirlar ko‘pincha javobsiz muhabbat, ota-ona yoki tengqurlari bilan kelishmovchiliklar, kelajak oldida qo‘rquv hamda yolg‘izlikdan aziyat chekishadi. To‘g‘ri, o‘smirlik davrida hamma bolalarda ham bu kabi muammolar kuzatilmaydi, biroq organizmdagi o‘zgarishlar vaqti-vaqti bilan o‘zini namoyon etadi. Hurmatli ota-onalar bunday muhim damda, farzandingiz bilan til topishish uchun sabr-toqat kilishingizga to‘g‘ri keladi.

Do‘stona munosabatlar

Avvalambor, do‘stona munosabatlarni o‘rnatib, ko‘proq muloqotda bo‘lish nihoyatda muhim. Ammo hammasini vaqtingiz yo‘qligiga yo‘yishingiz bilan vaziyatni chigallashtirishingiz mumkin, xolos. Shuning uchun o‘z bolajoningiz uchun vaqt ajratib, ko‘proq oilaviy yig‘ilishlar uyushtiring. Ertalab maktabga kuzatayotganda, birgalikda nonushta qila turib, uning hayotiga qiziqishingizni bildirishingiz mumkin. Uning mashg‘ulotlari, qiziqishlari, tanish-bilishlari, nizolari haqida so‘rab-surishtirishingiz ayni muddaodir. Siz doimo hammasidan xabardor bo‘lib turishingiz kerak. Axir, biz tanish-bilishlarimizning hayoti yoki yulduzlarning muammolari bilan ancha ma’lumotga ega bo‘lamiz, nahotki, o‘z farzandimiz dars jadvaliyu ko‘ngil kechinmalari haqida bir og‘iz qiziqmasak. Agarda farzandingiz siz uchun dunyodagi eng qadrli inson bo‘lsa, sevimli serialingizdan ba’zida voz kechib, u bilan bir piyola choy ustida suhbat uchun hech bo‘lmasa yarim soat vaqt ajratasiz.

O‘smir muammosi «shunchaki» emas

O‘smirni ba’zida tushunish qiyin, ammo ota-onalar hamisha o‘zlarini uning o‘rniga qo‘yib, nimadan bezovtalanayotganini aniqlashlari lozim. Axir uning ham o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Bu muammolarga «shunchaki» deb qarash aslo mumkin emas. Bizdek kattalarga ular oddiy bo‘lib ko‘rinsa-da, o‘smirlarga ancha mushukdek tuyuladi. Ehtimol, farzandingiz eng yaqin do‘sti bilan arazlashgan yoki maktabida kimnidir qattiq sevib qolgandir. O‘smirlar, hayot ular uchun oson emasligini ota-onalari bilishlari va tanqid qilmasliklari, dakki bermasliklari, shuningdek, ko‘chadan uyga kelganda darrov so‘roqqa tutmasliklarini istashadi. Ammo bu bilan hech nimani so‘ramang, demaymiz. Bor-yo‘g‘i chehrangizdagi tabassum bilan ochiq suhbatga chorlasangiz bo‘lgani. Farzandingizga javobi «ha» yoki «yo‘q» so‘zlaridan iborat bo‘ladigan savollar bermang. Bunday savollar suhbatni tezda nihoyasiga yetkazib qo‘yadi.

Hammasini birgalikda

Farzandingiz televizorda nimalar tomosha qilayotgani va kompyuterda qanday o‘yinlar bilan mashg‘ulligini nazorat qiling. Shuningdek, ular bu zamonaviy texnikalar ro‘parasida uzoq qolib ketishmasin. Shu bois, ko‘proq jonli o‘yinlar o‘ynab, kino va tearlarga birgalikda yo‘l oling. Agar biror-bir chet tilini o‘rganishga ko‘maklashsangiz, farzandingiz va o‘zingiz uchun katta tuhfa taqdim etgan bo‘lasiz.

Ijodiy qiziqishlar

Farzandingizning ijod yo‘lidagi turli tajribalariga e’tibor va qiziqish bilan yondashing. So‘zlar yetmagani bois, tasvirlar yordamida his-tuyg‘ularini ifodalash osonroq kechadi. «Ijodiy terapiya», psixologik inqiroz davrida bola uchun samarali choralardan biri sanaladi.

Namuna bo‘ling

O‘smir farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanayogan ota- onalar «ichma», «chekma» deb turib, o‘zlari bunday zararli odatlardan voz kechishmasa, kutilgan natijaga erishish amrimahol. Gapirilgan gap, pand-nasihatlar xatti-harakatlaringizga mos bo‘lsin. Farzandingizga, avval o‘zingiz namuna bo‘lishingiz kerak.

Sabr-toqat, mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat, do‘stona munosabatlar o‘smirning kelajagini porloq etadi. Albatta, farzandingiz va taqdiringiz o‘z qo‘lingizda. Shuni ham unutmangki, o‘smir farzandingizning tarbiyasini, avval o‘zingizdan boshlashingiz lozim.

Manba: Darakchi.uz