Bilasizmi?

O‘zbekistondagi ba’zi tumanlarda bog‘chalar uchun to‘lov miqdori ikki baravarga arzonlashtirildi

Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Farg‘ona tumanining Shohimardon va Yordosh qishloqlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida amaldagi ota-onalar to‘lovi miqdori 2023 yil 1 yanvarga qadar ikki baravarga pasaytirildi. Bu haqda Prezidentning 2018 yil 8 avgustdagi qaroriga asoslanib  “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Masalan, tuman markazi hisoblanmagan joylardagi bog‘chalarda hozirgi kunda bir nafar bola uchun to‘lov 105 ming (tuman markazida 115 ming) so‘m belgilangan (10,5 soatlik), endilikda ushbu to‘lovning yarmi ya’ni 52 500 (tuman markazida 57 500) so‘m pul to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan tashqari Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida, Samarqand viloyatining Nurobod, Qo‘shrabot, Urgut, Bulung‘ur va Paxtachi tumanlarida, Jizzax viloyatining Baxmal, G‘allaorol, Forish, Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod, Xovos va Sardoba tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ota-onalar to‘lovi miqdori ikki baravarga pasaytirilgan.